Bir kechada 21 ta quduq qopqog‘i o‘g‘irlab ketilgan
Viloyat Matbuot uyida "Samarqand suv ta’minoti" AJ rahbari o‘rinbosari Asatulla Tursunov va korxonaning shahar filiali boshlig‘i Ulug‘bek Ollanov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugun viloyatimizdagi 828 ta mahalla to‘liq, 175 tasi qisman markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 120 ta mahalla aholisi esa ichimlik suvini boshqa manbalar orqali oladi.
Joriy yilning birinchi yarmida korxona tomonidan 35,8 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 35 ta nasos energiya tejamkoriga almashtirilgan. Shuningdek Davlat dasturi ijrosi doirasida 8 ta yangi suv inshootini qurish, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish hamda 193 kilometr suv tarmog‘ini qurish bo‘yicha berilgan takliflar asosida qurilish-montash ishlari olib borilmoqda.
— Shaharning yer osti ichimlik suvi tarmog‘ining uzunligi 801,4 kilometrga teng, - deydi Ulug‘bek Ollanov. – Shundan 223,1 kilometr qismi 1940-1970 yillarda ishga tushirilganligi bois o‘z xizmat vazifasini o‘tab bo‘lgan edi. O‘tgan vaqtda qilingan ishlar natijasida bu muammoli qism 118 kilometrgacha qisqardi. Tizimni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Tadbirda tarmoqlarda yuzaga kelayotgan avariyalarning sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, usti ochiq qolayotgan quduqlar masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, mas’ullar quduqlarning qopqog‘ini o‘g‘irlash holatlari soha uchun ham eng og‘riqli nuqta ekanligini aytishdi. Ma’lumotga ko‘ra, Kimyogarlar qo‘rg‘onining o‘zida bir kechada 21 ta qopqoq o‘g‘irlab ketilgan. O‘g‘rilar ularni arzimagan pulga sotadi, ammo bu qopqoqlar korxonaga donasi uchun 850 ming so‘mdan tushadi. Albatta, har bir qopqoqning ustiga qo‘riqchi qo‘yib bo‘lmaydi. Lekin ayni masalaga jamoatchilikning o‘zi ham e’tibor qaratsa, jamiyatda jamoat mulkiga zarar yetkazuvchilarga toqatsizlik muhiti shakllansa, muammo o‘z o‘zidan barham topadi.
Asqar Barotov,
Husan Eltoyev (foto).