Bir qator oziq-ovqat mahsulotlari narxi pasaygani ma’lum qilindi

Tahlillarga ko‘ra, aprel oyi boshidan bir qator oziq-ovqatlar narxi pasaygan. Xususan,  xurmo – 16 foiz, olma, behi va nok – 42 foiz, konservalangan baliqlar – 50 foiz, mineral suvlar – 40 foiz, oq shokolad yoki tarkibida kakao bo‘lmagan konfetlar – 24 foizga arzonlashgan. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi habar tarqatgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga 2024 yilgacha (yana 2 tasi – 2023 yil 1 sentyabrgacha) bojxona bojining nol stavkasini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Nol stavkalar joriy etilgandan keyingi dastlabki 10 kun davomida bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi  tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi.