Bir sud – bir instansiya
Samarqand viloyat sudi tashabbusi bilan shu nomdagi davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda sudyalar, prokuratura, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, bojxona, ichki ishlar organlari xodimlari, viloyat savdo-sanoat palatasi vakillari, advokatlar ishtirok etdi.
Unda sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularni amaliyotda qo‘llash masalalari yuzasidan fikr almashindi.
- Sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirishlishi munosabati bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi hamda jinoyat, iqtisodiy va fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, - deydi viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Sh.Ramazonov. – Ushbu qonunlar bilan ishlarni ko‘rib chiqishda bir-birini takrorlovchi instansiyalar bekor qilinib, “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etildi. Unga ko‘ra xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi birinchi instansiya (tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari), apellyasiya (viloyat darajasidagi sudlar) va kassatsiya instansiyasi (Oliy sud) sudlari yaratiladi.
Mazkur o‘zgartirishlar fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishining oldini oladi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga, sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta’minlashga, fuqarolar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta’minlashga, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi. Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etilib, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatildi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolindi.