Bir umr el xizmatida yoki faxriy huquqshunos hayot yo‘liga nazar

Samarqandning sadoqatli farzandi, atoqli huquq faoli, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va sami­miy inson Shodiqul aka Nuriddinov 35 yil ichki ishlar idoralarida, 16 yil notariat sohasida xizmat qildi.

Aytishgagina oson bo‘lgan bu yillar davomida u qanchadan-qancha odamlarga yordam qo‘lini cho‘zdi, chin dildan ishladi. Ayni shu sababli bugun dunyoning turli burchaklari­da o‘nlab, balki yuzlab tanishlari, qadrdonlari bor. U yaqinda AQShda salkam 20 kun bo‘lib qaytdi. Albatta, okean ortidagi do‘sti, o‘rtog‘ining taklifi va uning hisobidan. “Isroilga, Kanadaga chaqi­rishyapti. Sog‘lik ko‘tarsa, umr vafo qilsa, shu davlatlarga ham borib-kelish niyatidaman”, deydi oqsoqol.

Dunyoning rivojlangan davlatiga taklif qilinish va u yerdagi sarf-xarajatlari mezbonning hisobidan bo‘lishining o‘zi Shodiqul akaning qanday insonligini ko‘rsatib turibdi. U jamoatchilik orasida katta obro‘-e’tibori, zabardast va tajribali yurist bo‘lgani, o‘ta kamtarin va samimiy insonligi uchun bunday hurmat qozonib kelmoqda.

Ayni shu xislati hamda jamoat ishidagi fidoyiligi-yu faolligi sabab Samarqand tumanidagi Xo‘ja Ahror Vali mahallasiga raislik qilishiga to‘g‘ri kelgan. To‘g‘ri kelgan, deyi­shimga sabab shuki, nuroniy yoshida, moddiy jihatdan o‘ziga to‘q kishi sifatida mehnat qilishiga zarurat yo‘q edi. Biroq ko‘ngli ochiq Shodiqul aka ko‘pchilikning tanloviga “Yo‘q”, deyo olmadi. Shu bilan birga, ishni ham joyiga qo‘ydi.

Umuman olganda, oqsoqollik faoliyatining o‘zi bir maqola bo‘lgulik. Lekin nokamtarlik bo‘lsa-da, hududda hashar yo‘li bilan choyxona qurdirganini eslab o‘tmasak bo‘lmaydi. Zotan, bu ishi uni ko‘pchilikning boshini qovushtira olishi, hududdagi hurmatini bugun ham isbotlab turibdi. Ayni kunlarda ham mahallaga borgan faollar deysizmi yo tuman hokimimi, shu yerda jamoatchilik bilan muloqot qiladi.

Rasman olganda, Shodiqul aka shu kunlarda 80 yoshni qarshi olmoq­da. Biroq u hali keksalikni tan olgani yo‘q. To‘g‘ri, 2020 yilda muborak Umra safarida bo‘ldi. Adliya tizimidagi faxriylar, teng-to‘shlari bilan Xorazm, Buxoro kabi shaharlarimizni sayru sayohat qilyapti. Biroq undagi jismoniy tetiklik, qalbi uyg‘oqlik uncha-buncha yoshlarning havasini keltiradi.

Aslini olganda, u ham boshqa tengqurlari qatori Samarqand shahridagi 8-kasb-hunar maktabida o‘qigan. Keyin harbiy xizmat va Toshkent o‘rta-maxsus militsiya maktabida tahsil olgan. Dastlabki mehnat faoliyatini pasport bo‘limi inspektori sifatida boshlagan Shodiqul aka Narpay tumani IIB OBXSS (Sotsialistik mulkni talon-toroj qilishga qarshi kurashish) bo‘limi hamda viloyat IIB xizmat bo‘limi inspektori vazifalarida ishlagan. Shu orada IIV Toshkent oliy militsiya maktabini sirtdan bitiradi.

U 1975 yilda viloyat IIB DAN bo‘limi surishtiruv bo‘yicha katta inspektor lavozimiga o‘tkazilgan. Keyinchalik Narpay va Jomboy tumanlarida DAN bo‘limi boshlig‘i bo‘ldi. Tizimda 28 yil ishlab, pensiyaga chiqqach, notaril xizmat bilan shug‘ullandi.

Shodiqul aka ahil oila boshlig‘i, ota sifatida ham ko‘pchilikka ibrat. Chunki (rahmatli) Rafoat opa Usmono­va bilan ko‘p yillik hayoti davomida 3 qizni oq yuvib, oq tarab, jamiyat uchun munosib insonlar qilib voyaga yetkazgan. Otaxon bugun 10 nabira, 4 evaraning sevimli bobosi.

Shodiqul akaning aytishicha, bosib o‘tgan umriga nisbatan ko‘rinishi yoshligi, hamma vaqt xushchaq­chaq va tetikligining sababi har kimga tavozeli bo‘lish, birov bilan ziddiyatga bormaslik hamda hech kim bilan talashib-tortishmaslikda ekan.

Ha, Shodiqul aka biz kabi hamkasblari va shogirdlari, tanish-bilishlari uchun halol, to‘g‘ri, samimiy, odamlarga yaxshilik qilishdan huzur topadigan inson namunasi bo‘lib qoladi.

Tolibboy Eshmonov,

Adliya vazirligi faxriylar kengashi viloyat bo‘limi raisi.