Birinchi muharririm

Birinchi kitob...

Uning nashr etilishi, dunyo yuzini ko‘rishi har bir ijodkor uchun unutilmas voqea. Keyin salmoqli kitoblari, ko‘p jildliklari nashr etilishi mumkin. Ularning har qaysinisi quvonch baxsh etadi ijodkorga, ammo birinchi kitobning zavqi, hayajoni o‘zgacha bo‘ladi, xuddi birinchi bo‘sa kabi.

Mening birinchi kitobim nisbatan kechroq – 1979 yilda nashr etilgan. Aslida u paytlarda kitob chiqarish hozirgidek oson emasdi. Qo‘lyozmalar muhokama qilinar, taniqli adabiyotshunos yoki yozuvchidan taqriz olinar edi. Ba’zan Yozuvchilar uyushmasida muhokamaga qo‘yilardi. Mening birinchi to‘plamim ham Yozuvchilar uyushmasida muhokama qilingan. Nihoyatda jiddiy tahlil etilgan, to‘plamga kiritilgan har bir hikoyaning astar-avrasi titib tashlangan edi. Bir necha kun o‘zimga kelolmay yurganman. Bu sohaga adashib kirib qoldimmi, balki vaqt borida boshqa sohaning etagini ushlashim, qishloqqa qaytib ketishim kerakdir, degan xayollarga ham borganman. Ammo ba’zi ustozlarimning, xususan, zukko olim, benihoya bag‘rikeng, olijanob inson G‘aybulla Salomovning maslahati bilan bu fikrdan qaytganman. Tushkunlikni, turli bo‘lmag‘ur xayollarni bir chekkaga itqitib, ayrim hikoyalarni jiddiy tahrir qildim, ba’zilarini qaytadan yozdim, yangi hikoyalar bitdim. Oradan bir yil o‘tdi. Yangi to‘plam tayyorladim-da, o‘sha muhokamada asosiy ma’ruzachi bo‘lgan adabiyotshunos Umarali Normatovga olib bordim. U kishi to‘plamni o‘qib, fikrlarini yozib berdi. Domla yangi to‘plamdagi hikoyalar haqida asosan ijobiy fikr bildirdi va nashrga tavsiya etdi. (O‘sha tavsiyanoma hozir ham shaxsiy arxivimda saqlanadi).

Bu misolni keltirishdan maqsad o‘zimni maqtash emas, o‘sha davrda adabiyotga talab naqadar kuchli bo‘lganini, yengil-yelpi narsalar mutlaqo chop etilmaganini eslatish, xolos. Hozir, afsuski, kurakda turmaydigan narsalarni ham pulini to‘lab kitob qilib chiqarayotganlar bor. Bunday ishlar kitobxon saviyasini tushiradi, adabiyotdan ixlosini qaytaradi...

...Xullas, birinchi hikoyalar to‘plamim G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida nashrga tayyorlandi. Unga taniqli shoir, dramaturg, tarjimon Mashrab Boboyev muharrirlik qildi. Shu asnoda Mashrab aka bilan ko‘p gaplashdik, xo‘p fikrlashdik. Bu inson bilan oldin ham turli davralarda uchrashgan, suhbatlashgan edik, u kishining adabiyot va san’at haqidagi fikrlarini eshitgan edim. Ammo birinchi kitobimni nashrga tayyorlash jarayonida Mashrab akani yangi xislatlarini bilib oldim. U kishining tahrir jarayonlarini kuzatdim: uch-to‘rt so‘zni o‘zgartirishi bilan hikoya “ochilib” ketganini ko‘rib, quvonardim. O‘shanda Mashrab aka menga bir fikrni aytgan va bu gap hech esimdan chiqmaydi: “Ko‘p yozing, har kuni yozing. U bir joyda chiqadimi-yo‘qmi, buni o‘ylamang, yozavering... Siz qishloq odamisiz, bilasiz, ketmon qancha ko‘p ishlatilsa shuncha ochiladi, yaraqlaydi, aks holda zanglaydi”.

Shunday qilib, 1979 yilda “Oq qush” degan birinchi kitobim (piyozning po‘stiday) Mashrab Boboyev muharrirligida nashr etildi. Shundan keyin Mashrab aka bilan yanada yaqinlashdik, bayramlarda, tug‘ilgan kunlarda va boshqa sabablar bilan tez-tez uchrashib turadigan bo‘ldik. Bu orada Mashrab akaning “Onamga xat”, “Bahor kayfiyati”, “Kechki trolleybus”, “Bag‘ishlov”, “So‘z”, “Olisdagi chiroq” kabi bir necha kitoblari chiqdi, pesalari ketma-ket turli teatrlarda qo‘yila boshlandi. “O‘ttiz yoshlilar”, “Gurung” “Yer tomiri”, “Qani mening yulduzim”, “Bizning hovli” singari dramalari asosida qo‘yilgan spektakllar el og‘ziga tushdi. Eng iste’dodli rejissyorlar, jumladan Bahodir Yo‘ldoshev, Mahkam Muhamedov Mashrab Boboyev asarlarini sahnaga qo‘ydi, teleekranga olib chiqdi. Birinchi o‘zbek seriali bo‘lgan “Ko‘ngil ko‘chalari”ning muallifi ham Mashrab Boboyevdir. Rejissyor Mahkam Muhamedov bilan hamkorlikda yaratilgan mazkur serialni tomoshabinlar hamon qiziqish bilan ko‘radi.

Taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda Mashrab Boboyev bilan birga ishlash nasib etdi. Avvaldan aytib qo‘yay, O‘zAda birga ishlash jarayonida men yangi Mashrab Boboyevni kashf etganman. U kishining mehnatkashligini, har qanday ishga mas’uliyat bilan yondashishini bilardim, ammo bu qadar yuksak mas’uliyatli va tartibli ekanini o‘ylamagan edim. Odatda ayrim shoirlar tahririyatlarning kundalik ishiga bepisand qaraydi. Chunki kimningdir xom-xatala maqolasini epaqaga keltirish kerak, zudlik bilan qandaydir axborot tayyorlash lozim va hokazo. O‘zAda bunga o‘xshash yuzaki qaraganda oddiy va oson tuyulgan, aslida katta mas’uliyat va hushyorlik, boz ustiga tezkorlik talab qiladigan ishlar son mingta. Mashrab aka tarjimon bo‘lib keldi, ko‘p o‘tmay tarjima tahririyatiga bosh muharrir bo‘ldi. Zero, tarjima san’ati borasida Mashrab Boboyev katta tajriba va yuksak salohiyatga ega edi. Bunga birgina misol bilan kifoyalanish mumkin, ya’ni, Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” kitobining tarjimasi. Uslub jihatdan nihoyatda murakkab bo‘lgan mazkur kitobni tarjima qilish o‘nta romanni tarjima qilishdan ko‘ra og‘ir va qiyin. Chunki har qanday romanda muayyan bir yozuvchining uslubi bo‘ladi, “Xayol chechaklari”da Valentin Katayevdan tashqari yana o‘nlab shoir va yozuvchilarning uslubi aks etgan va ularning farqi ko‘rsatib berilgan. Mashrab Boboyev shularning hammasini qoyilmaqom qilib o‘zbek tiliga o‘girgan.

O‘zAda ish vaqti cheklanmagan, aniqroq aytganda, ish vaqti falon soatda boshlanib, piston soatda tugaydi, degan tushuncha yo‘q. Ish tugab, endi ketishga tayyorgarlik ko‘rib turilganda birdan katta ish kelib qolishi mumkin. Uni darhol tayyorlash, yo o‘zbek tiliga yoki rus tiliga tarjima qilish zarur. Shunday paytlarda Mashrab Boboyevning tajribasi va mahorati asqotar, u kishi ikki tilga baravar tarjima qilar edi. Mashrab aka badanni qizdiruvchi ichkiliklarni xush ko‘rar va oz-oz no‘sh etib turardi. Biroq, tan olish kerak, har qanday holatda ish birinchi o‘rinda turar va hech narsa bajariladigan ishning sifatiga ta’sir qilmas edi. Ba’zi hamkasblarimizni ko‘rganmiz, bir qultum “yutib” olsa o‘zini osmonu falakda ko‘rib, hamma narsani unutar edi. Mashrab Boboyev ulardan farqli ravishda har qanday vaziyatda ishni, vazifasini unutmas, hech bir ishni qo‘l uchida qilmas, oddiy xabar bo‘ladimi, tahliliy maqolami yoxud davlat rahbarining ma’ruzasimi – barchasiga birday mas’uliyat bilan yondashib tarjima qilar edi. Ana shunday mas’uliyatli, tartibli inson edi Mashrab Boboyev. Mana shu xislatlari bilan ham ko‘pchilikka, ayniqsa, yoshlarga ibrat, namuna edi.

Mashrab Boboyevning O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga ishga kelishi ham qiziq bo‘lgan. Men agentlik rahbari edim. Bir kuni Mashrab aka qo‘ng‘iroq qildi, salom-alikdan keyin dabdurustdan “Mamatqul, meni ishga olasizmi?” dedi. Ochig‘i, kutilmagan bu savolga nima javob berishni bilmay qoldim. Bilardimki, Mashrab aka ko‘p joylarda ishlagan: Xalq ijodi uyida, viloyat gazetalarida, nashriyotda, radioda, jurnal tahririyatida, Yozuvchilar uyushmasida, vazirlikda, teatrlarda va hokazo. Ularning hammasida ish bir maromda bo‘ladi, ya’ni, ma’lum soatda keladi, ma’lum bir soatda ketadi. Agentlikda esa bunday “tartib” yo‘q, xodimlar ertalab ishga kelishini biladi, qachon ketishini esa bilmaydi – kechasi o‘ndami, o‘n bir-o‘n ikkimi yoki undan ham kechmi – har kun har xil holat. Mashrab aka bunday “tartib”ga chidarmikan?

Xullas, Mashrab Boboyevning tomdan tarasha tushganday berilgan savoliga “ko‘ramiz” deganday mujmal javobdan nariga o‘tolmadim.

Shu gapdan bir necha kun o‘tib, Erkin A’zam (u birinchi o‘rinbosar edi) oldimga kirib, Mashrab akani ishga olsak, dedi. Bu suhbatda Qulman Ochilov (u ham o‘rinbosar edi) ham bor edi. Men Mashrab Boboyev hammamizning akamiz, qadrdonimiz, xususan, menga ustoz qatori, birinchi kitobimga muharrirlik qilgan, taniqli dramaturg, shoir, tarjimon, publitsist, shunday odam agentlikka ishga kelsa qani edi... Ammo... u kishi bu yerning ish rejimiga dosh bera olarmikan, ish kecha-kunduz bo‘lsa... Buning ustiga bilasiz... Erkin aytmoqchi bo‘lgan fikrimni tushundi: “Hozir u narsalar kamaygan... Deyarli ichmaydi, faqat bayramlarda... Ishlashga kelganda men nashriyotda birga ishlaganman, bilaman, juda mas’uliyat bilan qaraydi”, dedi. Biroz o‘ylanib turdim-da, mayli, hozir, shu yerdan qo‘ng‘iroq qiling, chaqiring, kelsin, hozir ishga olamiz, dedim. Erkin qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni yanga oldi. Erkin salom-alik qildi-da, aka uydamilar, chaqirib yuboring, dedi. So‘ng rangi o‘zgardi. Shunaqami, dedi-da, bo‘shashib go‘shakka qo‘ydi. Keyin menga yuzlandi: “Kelolmaydi telefonga, dedi. Qayerdan bilgan edingiz?” Hammamiz baravar kulib yubordik.

Baribir Mashrab Boboyevni agentlikka ishga oldik. U kishini taniganlar yaxshi biladi, shoir va yozuvchilar ichida ish joyini eng ko‘p o‘zgartirganlardan biri Mashrab Boboyev. U kishi ishlagan o‘nlab idoralar ichida eng uzoq ishlagan joyi agentlik bo‘ldi. Adashmasam, chamasi o‘n yillar ishladi agentlikda. Holbuki, Mashrab aka umri davomida necha joyda ishlagan bo‘lsa bir joyda ikki-uch yildan ortiq ishlamagan...

Mashrab aka bilan bir paytda uning o‘g‘li Anvar ham agentlikda ishlar edi. Anvar juda iste’dodli, o‘zbek va rus tillarida birday ravon yozadigan, bilimli jurnalist. Biroq ko‘pchilik iste’dodli odamlarda uchraydigan parishonxotirlik, bamaylixotirlik, ozroq dangasalik Anvarga ham begona emas. Ana shu odatlari gohida unga pand beradi. Anvar davlat rahbari ishtirok etadigan tadbirlarni yoritadigan muxbirlar ro‘yxatida turardi. Prezidentimizning xorijiy davlatlarga tashriflarida doim birga borardi.

 Bir gal davlatimiz rahbari o‘tkazadigan tadbirga Anvar borishi lozim edi. Tadbir boshlanishiga ozgina vaqt qolganda qo‘ng‘iroq boshlandi: nega shu vaqtgacha muxbir kelmadi? Anvarni qidirish boshlandi, lekin u yo‘q (u paytda mobil telefonlar ommalashmagan edi). Odatda bunday tadbirlarga muxbirlar ro‘yxati oldindan beriladi, keyin, ayniqsa, tadbirga bir-ikki soat qolganda o‘zgartirish mumkin emas. Shu tufayli ancha ko‘ngilsizlik ro‘y berdi. Ertasi kuni Anvarni chaqirib, ancha koyidim. Nima uchun tadbirga bormaganiga jo‘yali sabab yo‘q – esidan chiqib qolgan emish. Tabiiyki, buni oqlab bo‘lmaydi. Anvar boshini egib chiqib ketdi. Men chuqur o‘yga toldim. Ming xil fikr o‘tdi xayolimdan. So‘ngra Mashrab akani chaqirib, bo‘lgan voqeani aytdim, Anvarni koyiganimni ham ochiq-oydin gapirib berdim. Boshqalardan eshitsangiz xafa bo‘lib yurmang, deb o‘zim aytayapman sizga, dedim. U kishi so‘zlarimni indamay eshitdi-da:

 Haliyam siz odamgarchilik qilibsiz... Boshqa rahbar bo‘lsa bu qilig‘i uchun ishdan haydar va shunday qilish kerak edi, – dedi. – Prezident tadbiriga bormaslikka nima haqi bor?! Axir bunday imkoniyat, bunday sharaf hammaga ham nasib etmaydi-ku. Buning qadriga yetish kerak... Siz koyidim, deb xijolat bo‘lyapsiz, koyish emas, urishga ham haqingiz bor, rahbar sifatida ham, ustoz sifatida ham.

O‘sha-o‘sha Anvar bunday holni boshqa takrorlamadi. Bilishimcha, Mashrab aka o‘g‘lini bu qilmishi uchun qattiq koyigan.

...Gapni Mashrab Boboyev birinchi kitobimga muharrir bo‘lganidan boshlagan edim. “Oq qush” chiqqanidan keyin oradan yigirma uch yil o‘tib, Mashrab aka “Chiroq o‘chmagan kecha” kitobimga so‘zboshi yozdi. 2002 yilda “Sharq” nashriyotida bosilgan bu kitobga yozgan “Nafis tuyg‘ular olami” sarlavhali so‘zboshisida shunday yozgan edi: “Noziklik, qalb nozikligi, tuyg‘ular nozikligi Mamatqulning ko‘pchilik qahramonlariga xos xislat. Uning ijodida – qissa va hikoyalarida ham, dramatik asarlarida ham ziddiyat ko‘pincha zohiriy emas, botiniy bo‘ladi. Qahramonlar asosan bir-biri bilan emas, o‘z-o‘zi bilan kurashadi...

Mamatqulning asarlari ham “turli ko‘chalar” mahsuli bo‘lgani uchun sizni dastlab qiziqarli mavzu bilan band qilib oladi-da, keyin o‘zining nozik, nafis tuyg‘ular ko‘chasiga olib kirib ketadi...”

Mashrab Boboyev halol, mehnatkash, do‘stlarga, shogird ukalariga, kasbiga, oilasiga sadoqatli edi. U jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonni, ona xalqimizni chin dildan sevar edi. Barcha asarlarida – she’rlari, dramalarida, publitsistik maqolalarida, ssenariylarida go‘zal yurtimizni, zahmatkash xalqimizni, adolatni, haqiqatni, ezgulikni kuyladi, ulug‘ladi. 1976 yilda yozilgan “O‘zbekiston” she’rida shunday satrlar bor:

Men ishqimni qilmasam ham oshkora bayon,

“Jonim fido!” deb ko‘ksimga mushtlamasam ham,

O‘zbekiston, ona Vatan, so‘zimga ishon,

Farzandingman, farzandingman har qachon, har dam.

Hayotingda bosh qahramon emasman, lekin

Yo‘q ham emas, men ommaviy sahnada borman.

Gar sanoqda bo‘lmasam ham sonda borman men,

Senga fido millionlar safida borman.

O‘zbekiston, ona Vatan, dardingni olay!

Bilmasang ham Mashrab kimu yumushi nadir,

U ham senga jonin fido qilmoq uchun shay,

Sanoqda yo‘q millionlar qatoridadir.

Ha, Vatanni ulug‘laganlarni Vatan ham ulug‘laydi. Demak, xalqimizning sevimli shoiri va dramaturglaridan bo‘lgan Mashrab Boboyevning nomi doimo elimiz qalbida, asarlarini bugungi avlod ham, kelgusi avlodlar ham sevib, qiziqib o‘qiydi, spektakllarini, seriallarini hayajon bilan tomosha qiladi.

Mamatqul Hazratqulov.