Birinchi raqamli bortlar yoxud Samarqandga kim, qanday samolyotda kelib-ketdi?

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti bilan bog‘liq jarayonlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jurnalistlar muhim tadbirning barcha jihatlariga e’tibor qaratdi.
Xususan, “Samarqand” xalqaro aeroporti faoliyati haqida ham qator materiallar e’lon qilindi. Bugun shu mavzuga yana murojaat qilyapmiz. Sammit munosabati bilan ushbu aeroport ikki kunda xorijdan 13 davlat va hukumat rahbarlari havo kemalarini qabul qildi. Bu dunyodagi yirik aeroportlar tarixida ham juda kam kuzatiladigan holat.
Quyida Samarqandga qo‘ngan birinchi raqamli 13 ta bortning suratlari, ularning ba’zilari haqidagi ayrim ma’lumotlarni e’lon qilamiz.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida qatnashish uchun dastlab Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Boeing 737-800 (JU-1088)da Samarqandga keldi.
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ham 14 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. U Airbus A340-300 (EP-IGA) xizmatidan foydalandi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samolyoti Samarqand xalqaro aeroportida.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Boeing 747-8 (B-2482) bortida davlat tashrifi bilan Samarqandda.
Tojikiston Prezidenti ShHT sammitida qatnashish uchun 737-8GL, EY-777 samolyotida keldi.
ShHT sammitiga faxriy mehmon sifatida taklif etilgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Boeing 777-200(LR), EZ-A780 samolyotidan foydalandi. Ushbu havo kemasi uzoq masofalarga uchishga mo‘ljallangani bilan ajralib turadi. U dunyodagi deyarli har qanday ikki aeroportni bog‘lay olishi haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand shahridagi sammiti doirasida tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning borti.
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif Samarqand sammiti tadbirlarida qatnashish uchun ushbu samolyotda keldi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Samarqandga mamlakat havo yo‘llarining Airbus A340-600 (4K-AI08) samolyotida tashrif buyurdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Samarqanddagi majlisida qatnashish uchun 15 sentyabr kuni ushbu samolyotda keldi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekistonga 747-8ZV(BBJ) samolyotida tashrif buyurdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu havo kemasi 400 nafar yo‘lovchiga xizmat qila oladi, lekin u hozirgi tayyor holatida 76 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Samarqandga ushbu samolyotda keldi.
Samarqandga taklif etilganlar orasida eng oxirida kelgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi Boeing 777-300(ER) samolyotidan foydalandi.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA
A’lo Abdullayev va Otabek Mirsagatov olgan suratlar.