Birja nima? Broker kim? U bilan qanday shartnoma rasmiylashtiriladi?
Respublika tovar-xom ashyo birjasi Samarqand filiali hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida viloyatimizning shahar va tumanlarida “Tadbirkorlik sub’yektlarini birja savdolariga jalb qilish va ularga birja hamda uning bozor mexanizmlari qo‘llanilishidagi muhim ahamiyati” mavzusida tadbirkorlar bilan seminar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Payariq va Oqdaryo tumanlarida o‘tkazilgan shu kabi seminarlarda filial boshqaruvchisi Furqat Yuldashev birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda respublika tovar-xom ashyo birjasi tovar resurslaridan erkin foydalanish imkonini taqdim etib, o‘tkazilayotgan savdolarning shaffofligi va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni ta’minlash hamda tuzilgan bitimlarning bajarilishini kafolatlashi ta’kidlandi. Birja faoliyati mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish va innovatsiyalarni joriy etishga yo‘naltirilganligi bois birjada biznes uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar tovar bozorlarida sof raqobatni rivojlanishiga ko‘mak beradi.
– Bugungi kunda bozor munosabatlarini birjasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – dedi Sh.Yuldashev. – Tadbirkor ishlab chiqargan mahsulotini qiyinchiliklarsiz sotishi kerak. Joylarda o‘tkazilayotgan seminarlardan ko‘zlangan maqsad, tadbirkorlarga birja faoliyati bilan tanishtirish, birja va auksion savdolarini o‘tkazish, birja savdolari orqali sotish tartiblarini tushuntirish.
Seminarda broker kim? U bilan qanday shartnoma rasmiylashtiriladi? Birjadan qanday ro‘yxatdan o‘tish mumkin? Bu yerda mahsulotlar qanday sotiladi? Tadbirlarda shu savollarga javob beradigan va birjaning afzalliklari to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.