Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bitiruv imtihonlarini topshirish uchun haq to‘lanadigan ta’til beriladi

- Institutda sirtqi ta’lim yo‘nalishida o‘qiyman. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kechki va sirtdan ta’lim olayotganlarga ish vaqti bo‘yicha qanday imtiyozlar belgilangan?

A.Qobilov.

- Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlar diplom loyihasi (ishi)ni bajarish yoki bitiruv imtihonlari topshirishdan oldingi o‘n o‘quv oyida;

mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun olti kunlik ish haftasi bo‘lganda haftada bir kun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladilar. Ish haftasi besh kunlik bo‘lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o‘zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori esa saqlanib qoladi.

Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida qatnashish davrida birinchi va ikkinchi kursda ta’limning kechki shaklida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotganlarga har yili kamida yigirma kalendar kun;

o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotganlarga har yili kamida o‘n kalendar kun; oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sirtdan ta’lim olayotganlarga esa har yili kamida o‘ttiz kalendar kun;

uchinchi va undan keyingi kursda ta’limning kechki shaklida o‘qiyotganlarga har yili kamida o‘ttiz kalendar kun, o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotganlarga har yili kamida yigirma kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sirtdan ta’lim olayotganlarga esa har yili kamida qirq kalendar kun;

oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini topshirish davrida kamida o‘ttiz kalendar kun; diplom loyihasi (ishi) ni tayyorlash va yoqlash davrida oliy o‘quv yurti talabalariga to‘rt oy, o‘rta maxsus o‘quv yurti talabalariga esa ikki oy muddat bilan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha ta’tillar beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar to‘plash uchun o‘ttiz kalendar kun muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi.

Savolga Payariq tuman adliya bo‘lim bosh maslahatchisi Orif Xolboyev javob berdi.