Bu kunlarga yetganlar bor
Urush dahshatlari, o‘qlar tovushi, har qadamda o‘limga ro‘baru bo‘lish Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, urush orti faxriylari xotirasida. Ular hayotining mash’um kunlarini qalbda og‘riq bilan yodga oladi.
Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi 94 yoshni qarshilayotgan Tojiboy Hamzayev bilan suhbatlashganimizda, ko‘zlarida yosh bilan urush xotiralarini gapirib berdi.
- 1941 yilda otam vafot etdi, - dedi otaxon. – Dastlab akam urushga ketgan bo‘lsa, 1943 yilda meni ham armiyaga chaqirishdi. Onam yolg‘iz singlim bilan qoldi. Bu kunni xotiramdan chiqara olmayman...
Tojiboy bobo onasini so‘nggi bor ko‘rishi edi. Urush uni akasidan, onasidan ayirgandi.
- Harbiy xizmatni dastlab Semipalatinskda o‘qish bilan boshladik, - deya xotirlaydi Tojiboy bobo. - U yerda pulemyotdan o‘q otishni o‘rgandim. 2-Belorussiya frontining 15-divizionidagi 321-o‘qchi polkida pulemyotchi bo‘lib xizmat qildim. Urush o‘z nomi bilan urush, hech kimni ayab o‘tirmaydi. Yaqin safdoshlarimning ko‘z oldimda halok bo‘lgani, ba’zan dushmanning qaqshatqich zarbalari sabab ularni ko‘mishga ham imkoniyat bo‘lmagani yuragimni o‘rtaydi. Birgina e’tiborsizlik hayotingizga nuqta qo‘yishi hech gap emas edi.
Tojiboy Hamzayev 1950 yilda yurtiga qaytdi. 1951-1954 yillarda shahar qamoqxonasida xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lib ishladi. Keyinchalik nafaqaga chiqqunicha, Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limining Bog‘ishamol tumani xavfsizlik bo‘limida faoliyat yuritdi.
37 yil ichki ishlar idoralarida faoliyat yuritgan Tojiboy Hamzayev oilada ham, farzand tarbiyasida ham tartibni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Turmush o‘rtog‘i Musallam Fayziyeva bilan 3 o‘g‘il, 1 qizni voyaga yetkazdi.
Tojiboy bobo hayotining unutilmas kunlari muhrlangan albomni qo‘liga olar ekan, “Biz ko‘rgan kunlarni ko‘rmanglar, bolam”, deya qo‘llarini duoga ochdi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA,
Zamira Boltayeva (foto).