Bizda veterinariya sohasida ayollar kam, Ruminiyada esa aksincha

Universitetning o‘quv tajriba xo‘jaligi qoshida ishlab chiqarish korxonalari bor. Ularda sut va sut mahsulotlari qayta ishlanadi, qadoqlanadi va universitet sayti orqali xaridorlarga sotiladi. Bu ham tajriba, ham amaliyot. Qolaversa bundan universitet moliyaviy foyda ko‘radi va bu mablag‘ ta’lim maskanining ehtiyojlari, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadi.

Yaqinda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining 3 nafar professor-o‘qituvchilari - Iroda Bo‘tayeva, Jasur Yo‘lchiyev va Odil Ochilov Ruminiya davlatining Kluj Napoka universitetida malaka oshirish kurslarini o‘tadi. Safar taassurotlari haqida Iroda Bo‘tayeva so‘zlab berdi.

- Xizmat safarimiz 2 haftaga mo‘ljallangan edi. 15 aprel kuni  Ruminiyaning xuddi Samarqandimiz kabi qo‘hna va navqiron shahri Kluj Napokaga yetib keldik. Bizni “Erasmus” dasturining bosh koordinatori Simona Oros aeroportda kutib oldi va universitet mehmonxonasiga joylashtirdi. Ertasi kuni universitet faoliyati bilan tanishdik.

Kluj Napoka qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti mamlakatning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1869 yilda asos solingan. Ayni kunda Bolonya kredit modul tizimi asosida faoliyat yuritayotgan mintaqadagi istiqbolli o‘quv yurtlaridan biri sanaladi.

Ta’lim tizimi va o‘quv dasturlarining bizga o‘xshash va farqli jihatlarini sezish mumkin. Ular bakalavr yo‘nalishida 4 yil ta’lim olishadi, faqat veterinariya meditsinasi yo‘nalishining bakalavriat bosqichi 6 yilni tashkil etadi. Demak, veterinariya vrachi bo‘lish uchun 2 yildan ko‘proq, ya’ni 6 yil ter to‘kib o‘qish lozim. Bundan ko‘rinib turibdiki, veterinariya sohasi mamlakatda o‘ta dolzarb va muhim soha hisoblanadi.

Universitetda 6 ming nafardan ziyod talaba-yoshlar tahsil oladi, ularning 400 nafarini xorijliklar tashkil qiladi. Shuningdek, 400 nafarga yaqin professor o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatadi.

1000 gektar yerni egallagan universitet Botanika bog‘ida fermer xo‘jaliklari (qoramol, cho‘chqa, qo‘y va parranda boqiladi), ishlab chiqarish korxonalari (sut va go‘shtni qayta ishlashga ixtisoslashgan), vino ishlab chiqaruvchi korxona, mahsulotlarni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan marketlar, issiqxona, o‘tlar klinikasi, chorva mollari va mayda hayvonlar klinikalari joylashgan.

Vaziyat taqozosiga ko‘ra, pandemiya munosabati bilan universitetda ayni paytda ma’ruza darslari masofaviy (onlayn) tashkil qilingan, laboratoriya darslari esa an’anaviy.

O‘quv tajriba xo‘jaligi qoshidagi ishlab chiqarish korxonalarida sut va sut mahsulotlari qayta ishlanadi, qadoqlanadi va universitet sayti orqali haridorlarga sotiladi. Bu ham tajriba, ham amaliyot, qolaversa bundan universitet moliyaviy foyda ko‘radi va bu mablag‘ ta’lim maskanining ehtiyojlari uchun sarflanadi.

Ruminiya universiteti misolida aytish mumkinki, bu yerda ta’lim va amaliyot mutlaqo bir-biriga chambarchas bog‘langan holda olib boriladi.  Talabalar ustozlari ko‘magida laboratoriya mashqlarini bajaradi.

Talabalar shaharchasining o‘zi haqida ham ko‘p ta’riflarni keltirish mumkin. U 20 gektar maydonda joylashgan va antiqa relefga ega. Turli noyob daraxt va o‘simliklar, butalar xiyobonlarga o‘zgacha qiyofa beradi. Talaba yoshlar o‘zlarini juda erkin tutadilar, o‘z dargohlarini, yashash joylarini juda qadrlaydilar va tozalikka, ichki tartib qoidalarga qat’iy rioya qilishadi, xuddi bir oila a’zolaridek. 

Menga yoqqan yana bir jihat bor. Ruminiyada paytimiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoyasi jarayonlarida ishtirok etdik. Himoya juda ajoyib, jonli va qisqa vaqt mobaynida bo‘lib o‘tdi. Albatta, savol-javoblar bo‘ldi, qo‘shimcha fikrlar aytildi. Bizda esa bu jarayon 3-4 soat davom etadi.

Taassurotlar haqida yana ko‘p gapirish mumkin. Yana bir haqiqat: bizdan farqli o‘laroq, Ruminiyada veterinariya sohasida ayollar juda ko‘p ekan.

Muhimi, biz yosh tadqiqotchilar Yevropa mamlakatlaridan birining tajribasi bilan yaqindan tanishdik, jarayonlarda shaxsan ishtirok etdik.  Bu bizning ikki oliy ta’lim muassasalarining kelgusidagi amaliy hamkorliklari, qolaversa o‘zimizning ilmiy-tadqiqot ishlarimiz, pedagogik faoliyatimiz uchun ham juda  foydalidir.

Gulchehra Berdiyorova yozib oldi.