Bizga qanday magistratura kerak?

Rustam XOLMURODOV, Samarqand davlat universiteti rektori:

* Umumkasbiy ma’lumotgagina ega bakalavrlar va umumiy ma’lumotga ega magistr mutaxassislar bilan iste’molchilar talab-ehtiyojini qondirolmaymiz. Magistrlarni tayyorlashning amaldagi maqomi sifatli mutaxassisni bera olmayapti.

* Magistr va bakalavr diplomi sohiblarining mehnat maqomini ham tegishli qonunlar bilan belgilab olish zarur. Negaki, bundan 20 yil muqaddam oliy ta’limning ikki bosqichli tizimini qabul qilganmiz. Ammo bu ikki tur diplom sohiblarining egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlari yoki maoshlari farqini tasdiqlamaganmiz (oliy ta’lim bundan mustasno).

* Magistratura ta’limining o‘zimizga munosib modelini qabul qilmasdan turib, ta’lim-tarbiyaning barcha bosqichlarida qo‘yilgan maqsadga erishish mushkul. Afsuski, shu paytgacha oliy ta’limning bu bosqichi asl mohiyatiga munosib ahamiyat berilmay, unga yengil-yelpi qarab kelinmoqda.