«Inson – jamiyat – davlat» Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirilib, hayotimizda bosh qadriyatga aylanishi zarur…

Tarixiy bir davrda yashayapmiz. Hayot ham, xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgarmoqda. Islohot va yangilanishlar nafaqat hayotimizda, balki xalqimizning ong va tafakkurida ham kechmoqda. Bu mamlakat Konstitutsiyasini yanada takomillashtirishni talab etadi.

2022 yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Mazkur komissiyaga xalqimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushdi.

Bu borada yuz berayotgan bahs-munozaralar, taklif va tavsiyalar, muhokamalar shuni ko‘rsatmoqdaki xalqimiz Konstitutsiyaviy islohotlarga tayyor. Ushbu siyosiy va o‘ta mas’uliyatli jarayonlarga befarq emas. Bu keyingi olti yilda xalqimizga berilgan so‘z va fikr erkinligi, matbuot mustaqilligi, inson huquqlarini bosqichma-bosqich ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimizning bebaho mahsulidir.

1992 yil. Bundan 30 yil oldin qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi shu kungacha xalqimiz xohish-irodasining ro‘yobi sifatida xizmat qilib keldi, lekin na vaqt, na davr, na taraqqiyot, na inson tafakkurida yuz berayotgan o‘zgarishlar bir o‘rinda to‘xtab turmaydi.

Ayniqsa, 2016 yil mamlakat boshqaruvida yuz bergan almashinuv O‘zbekiston davlatchiligida xalqimiz hayotida butunlay yangi bir davrni boshlab berdi.

Bu yangi O‘zbekiston g‘oyasida ham o‘z ifodasini topgan. Biz nafaqat Vatanni ulug‘lash, millatni yuksaltirish, xalqimizni rozi qilish, hayotini butunlay o‘zgartirish, O‘zbekistonning nafaqat ichki, balki tashqi siyosatida ham tub burilish yasash siyosatini ilgari surdik.

Har qanday islohotlar yo davlat tizimini o‘zgartirish yo‘lidan yoki xalq hayotini yangilash yo iqtisodiyotga qaratilganligi bilan kechishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz, lekin O‘zbekistonda yuz bergan islohotlar butunlay boshqacha qiyofa kasb etdi.

Islohotlar markazida inson turganligi qolgan barcha yangilanishlar mana shu insonning atrofida kechganligi butun dunyo uchun yangilik bo‘ldi, deb aytishga to‘la asoslarimiz bor.

Shuning uchun ham islohotlar negizida namoyon bo‘lgan inson nafaqat hayoti o‘zgarishini, balki butun tafakkuri yangilanishini, o‘z huquqlarini konstitutsiya ta’minlashini istashi tabiiy.

Keyingi olti yilda xalqimizning dunyoqarashi shunchalik o‘zgardiki, bugungi kunga kelib, xalq konstitutsion islohotlarga juda va juda ehtiyoj seza boshladi. Inson hayoti har qanday hujjatlarga sig‘masligi, o‘z ifodasini to‘la-to‘kis namoyon etolmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Dunyoning birinchi Konstitutsiyasi, bu – AQShda 1787 yil 17 sentyabrda qabul qilingan. O‘shanda Benjamin Franklin shunday degan ekan: «Muhokama davomida men majlis raisi ortidagi quyoshga tez-tez nazar tashlab turdim, ammo uning ko‘tarilayotganini yoki botayotganini anglamadim. Biroq, endi oxir-oqibat men quyosh botayotganini emas, balki ko‘tarilayotganini fahmlaganimdan g‘oyat baxtiyorman».

Davr taqozosi jahonning ushbu birinchi konstitutsiyasiga ham o‘zgartirishlar kiritishni talab etganligiga tarix guvoh.

AQSh konstitutsiyasiga o‘tgan davr mobaynida 27 ta o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarining tarixiy Prezidenti Jorj Vashington AQShni o‘z vaqtida tanazzuldan olib chiqqanligi bilan ham Amerika xalqining buyuk hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan.

INSON QADRINI YuKSALTIRISh...

Davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart…

Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topishi har bir O‘zbekiston fuqarosiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Shunday davrlar bo‘ldiki, inson qadri butunlay toptaldi. Insonning hayoti, taqdiri, kimlarnidir xohish-istagi bilan boshqarildi. Daxlsiz huquqlar haqida gapirilar, yozilar, lekin amal qilinmas edi. Yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi aynan inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani, yo‘naltirilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi mavhumlikka barham beriladi. Inson uchun muhim bo‘lgan barcha huquqlar aniq-tiniq ifoda etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda alohida ta’kidlaganidek:Biz ishlashga – ishi, yashashga – uyi bo‘lgan, fuqarolari tinch va erkin, hayotdan mamnun, dasturxoni to‘kin, oilasi baxtiyor va farovon yashaydigan davlat qurishni maqsad qilganmiz. Ana shunday buyuk ishlar arafasida turibmiz. Kuchli iqtisodiyot barpo etib, dunyoda munosib o‘rnimizni egallashimiz, xalqimizga yuksak sharoitlar yaratish uchun ham juda ko‘p ishlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak. Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir. Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman».

O‘zaro birdamlik va hamjihatlik tamoyillari jamiyat uchun qanchalar muhimligini, zarurligini chuqur anglab yetishishimiz kerak. Aslida barcha ezgu maqsadlarimiz ro‘yobi zamirida ham birdamlik va hamjihatlik mujassamlashganini unutishga haqqimiz yo‘q.

Biz xohlaymizmi-xohlamaymizmi, o‘ta tahlikali, o‘ta ziddiyatli, o‘ta keskin, o‘ta murakkab dunyoda yashayotganligimizni bilishimiz, mamlakat, millat oldidagi mas’uliyatimizni jiddiy his etishimiz shart.

Inson qadri borasida O‘zbekiston tanlagan yo‘l, mamlakatimiz to‘plagan tajriba, keyingi olti yilda bu borada erishilgan yutuqlar nafaqat xalqimiz tomonidan, balki jahon hamjamiyatining ham e’tirofiga sazovor bo‘lganligini alohida ta’kidlashni istayman. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning to‘rtta ustuvor yo‘nalishining birinchisi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlariga qaratilgani ham bejiz emas, albatta. Biz bunday xulosaga kelishimiz uchun qisqa muddatda juda uzun va uzoq yo‘lni bosib o‘tganimiz ham bor gap.

Inson hayoti va uning qadri borasida juda ortda qolib ketganligimizni 2016 yilga kelib, yanada chuqurroq his qilganman. Davlat qudrati uning tabiiy boyliklari bilan harbiy kuchi, iqtisodiy imkoniyatlari bilan o‘lchanadigan zamonlar allaqachon o‘tib ketgan.

Bugun xalqning eng avvalo, turmush darajasi, huquqlari, intellekti, dunyoqarashi, tafakkur olamiga qarab baho berish urfga aylandi. Inson tafakkuri, insonning hayotdan rozilik darajasi, uning haq-huquqlarini so‘zsiz ta’minlanishi bu har qanday davlat qudratidan muhimroqdir.

Bugun O‘zbekiston tutgan yo‘l insonni qadrlashga, insonni yaxshi ko‘rishga, insonni rozi qilishga, qaratilganligi bilan ham butun dunyoni hayratga solmoqda.

Tarixdan ma’lumki, bugungi rivojlangan, taraqqiy etgan davlatlar ham dastlab, mamlakat qudratini oshirishga e’tibor qaratgan. O‘zbekistonda avvalo, inson qadri birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mening nazarimda, dunyo tarixida bunday tajribaga ilk bora mamlakatimizda qo‘l urildi.

Davlatlar, jamiyatlar inson tafakkurining mahsuli bo‘lib, taraqqiyotning ma’lum bir davriga kelganda davlat va jamiyat insonning haq-huqularini cheklaganlik holatlariga ham duch keldik.

Bugun O‘zbekistonning yangilanayotgan konstitutsiyasiga «Inson – jamiyat – davlat» tamoyili kiritilayotganligi bejiz emas. Inson tafakkurining mahsuli hech qachon insondan oldin yoki yuqori turishi mantiqqa zid. Biz yangilanayotgan konstitutsiyamizda insonni jamiyat va davlatdan ustun qo‘yamiz.

O‘ZBEKISTON – IJTIMOIY DAVLAT

2016 yilgacha aynan ijtimoiy muammolar girdobida yashayotgan xalqimiz uchun suv bilan havoday zarur…

Ijtimoiy davlat tushunchasi ham ilk marta iste’molga kiritilmoqda.

Nafaqat iste’molga kiritilmoqda, balki yangilanayotgan konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topmoqda. Tan olishimiz kerak, Mustaqillikning dastlabki chorak asrlik davrida biz ijtimoiy muammolardan ko‘z yumib yashadik. Bu borada hech qanday statistika yuritilmadi.

Oddiy odamlarning fikr-mulohazalari, e’tirozlari, shikoyat va arizalari o‘rganilmadi, javob qaytarilmadi, masalasi hal etilmadi. Odamlarda davlatga, kelajakka bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘ydik. Mana olti yildirki, odamlarga mana shu ishonchni qaytarib berish yo‘lida jon-jahdimiz bilan harakat qilyapmiz.

Prezidentimiz Konstitutsion komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’kidlaganidek: «Bir so‘z bilan aytganda, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur».

Ijtimoiy davlatda har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari kafolatlanadi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Bir inson muammosi butun jamiyatning muammosi, deb qaraladi. Insonlar o‘z tashvish va qiyinchiliklari bilan yolg‘iz qoldirilmaydi. Ming afsuski, yaqin tariximizda biz bunga amal qilmadik. Odamlar dardu o‘yi bilan yashamadik, ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka oldik. Natijada inson jismidagi mana shu kichik og‘riqlar jamiyatni zaiflashishiga, kasallanishiga, majruhligiga olib keldi.

2016 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevga qanchalar katta ijtimoiy muammolar meros qolganligiga bir kun kelib, tarixiy baho berilishiga ishonaman.

Mana olti yildirki, ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga butun mamlakatdagi kattayu-kichik rahbarlar safarbar etilganligiga qaramasdan hali ham qilinishi zarur va shart bo‘lgan yumushlar ko‘p.

Aholini uy-joy bilan ta’minlashda davlat ishtiroki butunlay yo‘q edi. Achinarlisi, millionlab oilalarning tom ma’nodagi fojiasiga aylangan uy-joy masalasida davlat sukut saqlardi. Buning natijasida odamlarni ertangi kunga bo‘lgan umidi butunlay so‘ngandi. Keyingi olti yilda O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida qilinmagan qanchadan-qancha uy-joylar barpo etildi. Odamlar birinchi marta o‘zlarining hayoti, yashash sharoiti, davlat uchun muhimligiga ishonch hosil qildi.

O‘zbekistonda oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslari haqida gapirila boshlandi. Bizga yod bo‘lgan mazkur tushunchalar odamlarni ongiga singdirildi.

Tarixda birinchi marta oila oldidagi davlatning mas’uliyati, kerak bo‘lsa burchi hamda vazifalari tan olindi. Oylik maosh, ijtimoiy himoya, bandlik va boshqa inson huquqlarini ta’minlash borasida ulkan natijalarga erishildi.

Bolalar manfaatlarini ta’minlash va to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishni davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham jahon standartlariga erishish yo‘lida tinimsiz harakat qilinmoqda. Inson salomatligini asrash, ekologik muammolarni bartaraf etish uchun ham O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro ekspertlar tomonidan tan olinmoqda va O‘zbekiston tajribasi dunyo mamlakatlariga ibrat sifatida ko‘rsatilmoqda.

Mana «O‘zbekiston ijtimoiy davlat» g‘oyasi nima uchun ilgari surilmoqda.

KONSTITUTsIYaDA MAHALLANING MAQOMI

Davlat organlarining bu boradagi vazifalari…

Mahalla instituti haqida juda ko‘p gapirilsada mazkur tuzilma hayotimizdan mustahkam o‘rin egallasada amalda mahalla tuman, shahar hokimlarining vazifa hamda topshiriqlarini ijro etuvchi mexanizmga aylanib qolgan edi.

Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari shiori ham hayotda o‘z aksini topgani yo‘q. Faqat 2016 yildan boshlab, mahalla institutini shakllantirish, uning vakolatlarini kengaytirish, o‘z-o‘zini boshqarish organlari faoliyatiga chetdan aralashuvni bartaraf etish borasida dastlabki qadamlar tashlandi.

Mening nazarimda, faqat O‘zbekistonda Mahalla va nuroniylarni qo‘lllab-quvvatlash vazirligi ta’sis etilgan. Bu nimani anglatadi?

Birinchidan, aynan mahalla instituti fuqarolik jamiyatining ramzi hisoblanadi. Mahalla tuzilmasining vakolatlarini tobora kengayishi bosqichma-bosqich davlat va jamiyat o‘rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, ijro hokimiyatida barcha vakolatlarning yig‘ilib qolishi ham fuqarolik jamiyati tamoyillariga ziddir. Bugungi kunda O‘zbekistonda shakllanayotgan mahalla instituti demokratiyaning yaqqol ko‘rinishi ekanligi, fuqarolik jamiyati borasida tadqiqot olib boruvchi xalqaro jamg‘armalar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Yangilanayotgan O‘zbekiston konstitutsiyasida mahalla maqomi ham o‘z ifodasini topishi maqsadga muvofiqdir. Davlat organlarining mahalla instituti borasidagi vazifalari aniq belgilanishi kerak.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga ko‘mak ko‘rsatishiga oid tamoyillar jamiyat rivoji uchun g‘oyatda muhimdir.

Mahalla instituti qonun-qoidalari xalq tomonidan, milliy qadriyatlarimiz asosida shakllantirilganligini unutmasligimiz kerak. Xalqimizda asrlar davomida mahalla mas’uliyati degan qarash mavjud . Odamlarimizda «mahalla-ko‘y nima deydi?», «mahalladan uyalaman», «mahalladan so‘rash kerak», «mahallani oldidan o‘taman» degan qarashlar ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelgan.

XALQ HOKIMIYaTChILIGINI KUChAYTIRISh

Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etamiz…

O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirish borasida ham islohotlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsion komissiya a’zolari bilan uchrashuvda mazkur masalani ahamiyati haqida quyidagi fikrni bildirdi: «Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni ko‘zlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati o‘rnatiladi. Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritishni taklif qilaman» .

Mening nazarimda, xalqchil davlat tushunchasi ham ilk bor ishlatildi. Bu aslida millionlab xalqimizning eng katta orzu va istagidir.

Xalqchil davlat nimani anglatadi? Bu tamoyil zamirida nimalar mujassamlashgan? Davlatning xalqchillik tamoyiliga tayanishi eng avvalo, xalqqa milliy g‘urur bag‘ishlaydi. Mana shu mag‘rurlik xalqni buyuk maqsadlar, bunyodkorlik, yaratuvchilikka undaydi. Bu o‘rinda xalq so‘zining davlat so‘zidan oldin ishlatilayotganligiga ham e’tibor berish kerak. Bu bejizga emas, albatta. Aslida xalqning borligi bu davlatning borligini asosidir. Demak, davlatning xalqchil bo‘lishi bu juda-juda muhim va zarurdir. Xalq davlat boshqaruvidagi o‘z o‘rnini bilishi va anglashi inson tafakkurida buyuk o‘zgarishlar boshlanishiga olib keladi.

Hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlari yanada kengayadi. Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazilishi borasida ham taklif mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Hokimlarning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani konstitutsiyadan chiqarish vaqti allaqachon kelganligi alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tarixda birinchi marta konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni ilgari surdi.

Bu qoida orqali xalq bevosita tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi. Yuz ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tajriba ham so‘zsiz o‘zini oqlashiga ishonaman. Bu odamlarga fikr aytish imkoniyatini yaratadi. Odamlardagi befarqlik illatiga barham beradi. Shu kungacha xalqqa berilgan bir qator mavhum vakolat va tashabbuslarga aniqlik bag‘ishlaydi. Mas’uliyat faqat davlat tomonida emas xalqqa ham ko‘chib o‘tadi. Bir tomonlamalikka nuqta qo‘yiladi…

XALQ KONSTITUTsIYaSI...

O‘zaro birdamlik va hamjihatlik mahsuli bo‘ladi…

Konstitutsion komissiyaning bir a’zosi sifatida Prezidentimiz bilan uchrashuvdan juda ta’sirlandim. Eng avvalo, xalqimiz uchun quvondim. Qalbimda shukronalik hissi paydo bo‘ldi.

Bir haqiqatni xalqimiz chuqurroq bilishini, anglashini istayman. Konstitutsion islohotlar zamirida avvalo, yurtdoshlarimizga munosib hayot darajasini yaratish, haq-huquqlarini himoya etish, o‘lim jazosini taqiqlash, xususiy mulk huquqini kafolatlash, qiynoqqa solishlarni oldini olish, sud qarorisiz majburiy ushlab turishga barham berish, tazyiqlar, tahqirlarga chek qo‘yish, tadbirkorlikka g‘ov bo‘ladigan har qanday illatlar bilan murosa qilmaslik… kabi insonparvar maqsadlar mujassamlashgan.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan fikrlar-g‘oyalardan juda ta’sirlandim.

Biz tarixiy bir davrga guvoh bo‘lyapmiz. Nafaqat guvoh, balki mazkur jamiyatni barpo etilishida ishtirok ham etyapmiz.

Prezidentimizning har bir so‘zida xalqni davlatdan ustun qo‘yish, davlat xizmatchilarini xalq oldidagi hisobdorligini oshirish tamoyili mujassamlashgan.

Konstitutsiya bu qotib qolgan hujjat emas. Aynan konstitutsiya insonlarning yangidan-yangi xohish-istaklarini ifoda etishi shart va zarurdir.

Men yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi Prezidentimiz tariflaganidek haqiqiy Xalq konstitutsiyasi bo‘lishiga ishonaman.

Ertaga shunday davrlar keladiki, minnatdor avlodlar konstitutsion islohotlar uchun tashakkur aytadi, minnatdorlik bildiradi.

Rustam XOLMURODOV, 

Konstitutsion komissiya a’zosi, Sharof Rashidov nomidagi 

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, senator