Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Bu yil “Zarafshon” gazetasining 110, “Samarkandskiy vestnik” gazetasining 105 yilligi nishonlandi.

Yuz yilda tug‘ilar balki bir daho,
Ochilar moziyning qa’rida sirlar.
Ko‘zgu bo‘lolmagay hayotga ammo,
Ostonasi tillo bo‘lgan qasrlar.
Bag‘rida aks etgan zaminu osmon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Qorinning g‘amida yashaydi birov,
Kimningdir sochidan uzilar tola.
Muxbirning boshiga qo‘ngan oq qirov –
Hali bosilmagan yangi maqola.
Zavq, quvonch ulashar har sahar, har tong,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Hayot faqat to‘ydan iborat emas,
Unda yonma-yondir kunduz bilan tun.
Kimdir mol-dunyoga bo‘lgan chog‘i mast,
Kimningdir umriga yasalar yakun.
Dilga baxsh etguvchi ezgulik, iymon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Hali yuraklarning dog‘lari bisyor,
Hali komillikdan yiroqmiz, yiroq.
Toki yashar ekan So‘z, Qalam, Ash’or,
Ma’rifat lashkari yengilmas, biroq.
Adolat mulkiga yagona mezon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Yil bo‘yi ter to‘kar dalada bedor,
Bolasiga ko‘ksin qiladi qalqon.
Bitta unvoni bor, bitta nomi bor,
Hazrati O‘zbek u, hazrati Dehqon.
Uning shuhratiga qo‘shaverar shon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Samarqand! Ulug‘lar ulug‘lagan yer,
Istiqlol tufayli ko‘rki beqiyos.
Bugun ham bag‘rida qaynar ijod, she’r,
Shu yangi davrning shiddatiga xos.
Muqaddas kent kabi muqaddas makon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Tinchlik bir ne’matdir, bebaho daraxt,
Har bir yaprog‘ida Ruh ozodligi.
Shu ulkan daraxtning mevalaridir,
Turmush obodligi, elning shodligi.
El bilan birgadir hamisha, har on,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Hali yurtlar bordir notinch, dilozor,
Ijodga yo‘l bo‘lsin, burda nonga zor.
Ming bora shukrkim, oyoq ostida,
Yastanib yotibdi jannatiy diyor.
Shu diyor bag‘rida qaynagan vulqon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Gazeta ko‘zgudir. Aks etar unda,
Ong yetmas fazodan ko‘zda yoshgacha.
Sahifalar aro ne-ne salaflar,
Behbudiydan tortib Farmon Toshgacha.
So‘z bilan zulmatni etgan nurafshon,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Bugun bir yuz o‘nga yetibdi yoshi,
Ne-ne ulug‘ zotlar o‘tgan maskan bu.
Voha hayotining zakiy naqqoshi,
Ulkan Vatan ichra mo‘’jaz Vatan bu.
Har bitta ijodkor bir O‘zbekiston,
Bizning “Zarafshon”dir, bizning “Zarafshon”!

Yor MUHAMMAD.