Salih Janer: Samarqanddagi yangilik va voqealardan “Zarafshon” orqali xabardor bo‘laman

Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer viloyat Matbuot uyida bo‘lib, viloyat gazetalari tahririyatlari faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur binoda bugungi kunda viloyat hokimligi muassisligidagi “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” hamda Samarqand shahar hokimligining “Samarqand” gazetalari tahririyatlari joylashgan. Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi ham shu yerda faoliyat olib boradi. Binoda viloyat matbuoti tarixi muzeyi tashkil etilgan.

Salih Janer gazetalar tarixi va buguni bilan tanishdi, jurnalistlar bilan suhbatlashdi va Samarqand matbuoti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

– Men viloyat gazetalarini, jumladan, “Zarafshon”ni va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini muntazam kuzatib boraman, – dedi Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer. – Gazetaga obuna bo‘lganmiz. Viloyatdagi yangiliklar, voqealardan, avvalo, shu nashr orqali xabardor bo‘lamiz. Konsulligimiz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarimizni ham keng ommaga yetkazishda “Zarafshon” va uning xodimlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. Samarqanddagi 5 yillik faoliyatim davomida bu nashr konsulligimizning eng yaqin axborot hamkorlaridan biri bo‘lganini alohida ta’kidlashni istardim.

Viloyat matbuoti tarixi muzeyi ham turkiyalik diplomatga manzur bo‘lgani va katta qiziqish uyg‘otganini qayd etgan Salih Janer bir asrdan ortiq tarixga ega gazetalarda o‘z davrining ilg‘or ziyolilari, millat oydinlari faoliyat ko‘rsatganini alohida ta’kidladi.