G‘afur G‘ulom: “Tahririyat - ijod ahlining hayot maktabi”
#Zarafshon_gazetasi_110_yoshda
“Zarafshon”ning o‘tmishdoshi “Lenin yo‘li” gazetasi respublikamizda tanilgan yuzlab iqtidorli jurnalistlar, shoiru yozuvchilar, olimlar, davlat va jamoat arboblariga hayot maktabini o‘tagan edi.
Yaqinda faxriy muxbir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov tahririyatimizga kelib, o‘zining bundan 55-60 yillar avvaldagi gazetachilik bilan bog‘liq xotiralarini aytib berdi.
- 1964 yilda gazetaning 10 minginchi yubiley sonining chiqarilishida ishtirok etgandim, - dedi O.Usmonqulov. - Esimda, shu munosabat bilan yubileyga poytaxt Toshkentdan, respublikamizning barcha viloyatlaridan yozuvchi va shoirlar, olim va jurnalistlar taklif etilgandi. Tahririyatning har bir xodimiga ulardan intervyu olib, gazetada chiqarish topshirildi. Mening chekimga akademik shoir G‘afur G‘ulomdan “Lenin yo‘li” gazetasi haqida fikrlarini yozib olish tushdi.
1957-1962 yillarda Toshkentda O‘zDUning jurnalistika bo‘limida tahsil olib yurgan chog‘imda G‘afur G‘ulomni adabiy kecha va uchrashuvlarda ko‘p bor ko‘rib, she’rlarini eshitgan bo‘lsam-da, daf’atan yuzma-yuz uchrashuvdan salobati bosib, ikkilanib qoldim. G‘afur aka muharrir xonasida telefonda kim bilandir so‘zlashib turgan ekan, tortina-tortina ichkariga kirdim. “Assalomu alaykum!” deya o‘zimni tanishtirib, maqsadimni aytdim.
– Shunaqami, – dedi kulib. – Nima desam ekan, “Lenin yo‘li” gazetasi to‘g‘risidagi fikrlarim “O‘zbekiston madaniyati” gazetasining kechagi sonida bosilib chiqqan. Ana shu maqolamni gazetalaringga ko‘chirib bosa qolinglar.
Shunday qildik. Yubiley tantanasi Samarqand shahrining hozirgi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ining yozgi teatr binosida (hozirgi Yoshlar markazi binosi o‘rnida) kechki payt boshlandi. Yubileyni viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Saidmahmud Usmonov ochdi. Yubiley munosabati bilan gazetaning bir guruh ijodiy xodimlari respublika Oliy Kengashi Prezidiumining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganini ma’lum qildi. Yig‘ilganlar xushxabarni gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi.
Shundan so‘ng “Lenin yo‘li” gazetasi bosh muharriri Lutfilla Hamroyev gazetaning 10 000-soniga qadar bosib o‘tgan ijodiy yo‘li haqida gapirdi. Keyin tabriklar yangradi. Birinchi bo‘lib so‘z G‘afur G‘ulomga berildi.
– Gazetachilik mening ijodiy o‘sishim uchun universitet rolini o‘ynagan, – dedi atoqli shoir g‘urur va iftixor bilan. – 1928 yilda, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida ishlab yurgan chog‘imda Samarqandga ko‘chib keldim. Bu yerdagi jo‘shqin ijod ahli bilan yaqindan tanishuv o‘shandan boshlandi. “Lenin yo‘li” gazetasi ko‘p ijod ahliga beshik bo‘ldi. Ularning keyingi avlodlaridan biri suyukli ukam Normurod Narzullayev bo‘ladi.
G‘afur aka shunday deya “Lenin yo‘li”ning o‘sha kungi sonida bosilib chiqqan Normurod Narzullayevning “Ham shoirman, ham jurnalist” degan she’rini baland ovoz bilan o‘qib berdi va yosh shoirni olqishlab, unga ijodiy parvozlar tiladi.
- Bu gazeta, – dedi G‘afur G‘ulom, – yosh yozuvchilar, jurnalistlarni tarbiyalashda, ularning qalamini charxlashda, o‘zlariga xos uslubini yaratish, adabiy tilga o‘rgatishda hayot va mahorat maktabi bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi...
Ulug‘ shoirning o‘sha e’tiroflarini xotirlar ekanman, o‘zining 110 yillik tarixi davomida “Zarafshon” chindan ham ko‘plab iqtidorli ijodkorlar uchun hayot maktabini o‘tagani, ular qatorida o‘zim ham borligimdan qalbim faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ladi.