Qantar og‘di yoki Hasan do‘stimning itining nomi nima edi?
Adashmasam, 1998 yilning fevral oyi edi. «Zarafshon» gazetasida taniqli jurnalist O‘ktam Qurbonovning «Qantar og‘di, dehqonlar dala ishiga tayyormi?» degan maqolasi chop etildi. Ertalab ishga keldimu gazetani varaqlab, shu maqolaga ko‘zim tushdi.
Unda fevral oyidan boshlab dehqonlar dala ishlariga tayyor bo‘lishlari, ekin ekiladigan maydonlarni sug‘orib, go‘ng chiqarishlari zarurligi haqida yozilgan ekan. Lekin «qantar og‘di» degan jumlaga tushunmadim. Oy yoki yulduzlar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Balki inson ismidir yoki birorta hayvonning? To‘g‘risi, hech eshitmagan ekanman.
Shu payt harbiy xizmatda birga bo‘lgan toshkentlik Hasan o‘rtog‘imning «Qantar» degan iti bo‘lgani yodimga tushdi. Har ikki gapining birida «Qantar»im juda baquvvat it-da, eng zo‘rini ham giribonidan oladi”, deb qo‘yardi. Ha, bu itlarga yoki hayvonlarga qo‘yiladigan nom ekan-da, deb o‘yladim.
O‘ktam aka bilan «Madaniyat va ma’rifat» bo‘limining ikkita xonasida o‘tirardik. Barcha maqolalarimni u kishiga ko‘rsatib olardim. Ba’zida tushlikka ham birga chiqardik. U kishi tozalikka juda e’tibor berardi. Har bir xat, maqola, shikoyat xatlari uchun alohida papka qilib qo‘yardi. Navbatchilik vaqtida, albatta, ikki qo‘lida yengigacha tortilgan bog‘ichli toza latta bo‘lardi. Chunki bosmaxonadan olib kelingan gazetaning xomaki nusxasiga urilgan harflarning qora rangi darrov kiyimga uniqib qolardi. Xuddi novvoylarga o‘xshab navbatchilik tugaguncha qo‘lidan yechmasdi. Jamol Tursunov uni ko‘rib, «ha, non yopishni boshladingizmi?», deb hazillashardi.
Bir kuni tushlik paytida O‘ktam akadan “Domla, uyingizdagi itingizni nomi “Qantarmi?", deb so‘radim.
- Yo‘q, nega bunday deyapsan? - dedi boshini ko‘tarib.
- Bir maqolangizga «Qantar og‘di...» deb sarlavha qo‘ygan ekansiz, shunga tushunmadimda?
- Nimasiga tushunmaysan, «Qantar»ga itning nima aloqasi bor?
- Bir do‘stimning itinnig nomi «Qantar» edi, shunga siz ham...
- Seni maktabda kim o‘qitgan, - deb so‘radi.
- Siz, - dedim (Rostdan ham maktabda besh yil adabiyotdan dars bergan edi).
O‘ktam akaning biror bir qichiq gap qilishdan oldin «hih» deb qo‘yadigan odati bor edi. Hozir ham miyig‘ida kulib, ”hih” deb qo‘ydi-da, «Bo‘lmasa, shu so‘zni o‘tganimda darsimga kirmagan bo‘lsang kerakda-a?», deb qo‘ydi.
- Qulog‘imdan tortmasligingiz uchun darsingizga doim kirganman, - dedim hayron bo‘lib. Chunki u kishi tartibbuzar o‘quvchilarning qulog‘ining tagidan, ya’ni «baki»dan ushlab ko‘tarardi.
- Kirmagansan-da, yaxshisi, sen shu maqolani qo‘lingga olib, oxirigacha qayta o‘qib chiq, «Qantar og‘ishi» nima ekanligini bilib olasan. O‘shanda ham tushunmasang, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ni olib, izlab ko‘rgin, topasan.
Birozdan so‘ng yana «muxbir odam, doim o‘zi yozayotgan maqolalari ustida o‘ylab yurishi kerak. U yo‘lda ketyaptimi, ovqatlanyaptimi, hatto uxlayotganda ham yozilajak maqolasi rejalarini tuzib, pishiq qilishi lozim. Ko‘proq badiiy, ilmiy-ommabop kitoblarni varaqla. Biror sohadan maqola yozish uchun shu tarmoqqa oid ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgin. Turli gazeta-jurnallarni o‘qigin», dedi.
- Yaxshi, ikki kunda shu «qantar»ingizni yaxshilab, o‘qib, «joyiga solaman», - dedim kulib, nonni katta tishlar ekanman...
Ikki kun o‘tgach, tahririyat koridorida hamkasblar bilan gurunglashib tursak, O‘ktam aka bosh muharrir o‘rinbosari Aziz Yo‘ldoshevning xonasidan qo‘lida maqola bilan chiqib qoldi. Meni ko‘rib, “Qani, buyoqqa kel-chi», deb xonasiga boshladi.
- Xo‘sh, qantar og‘ishi nima ekanligini bildingmi? - deb so‘radi.
- Qantar og‘di, hut kirdi, endi buyog‘i bahor, - deya boshladim xuddi maktabda o‘qituvchisi oldida turgan o‘quvchiday bidillab. - Shamsiy yil taqvimiga ko‘ra, hutning birinchi kuni. Bu oy qishning oxiri, bahorning boshlanishiga to‘g‘ri kelgani uchun ob-havosi aldamchi bo‘ladi. Shuning uchun aytishadiki, «Hut yaxshi kelsa, qozon-qozon sutni ko‘ring, yomon kelsa, ko‘tarilib yotgan butni ko‘ring».
- Bu nima degani, - to‘xtatdi O‘ktam aka.
- Yaxshi kelgani ob-havo iliq kelib, o‘t-o‘lan mo‘l bo‘ladi. Chorva tishi ko‘kka tegib, «qozon-qozon sut» bo‘ladi, bu – qut-baraka degani. Yomon kelgani – qishning cho‘zilib, kutilmaganda qor yog‘ib, yer muzlashi. Oqibatda uyg‘ongan dov-daraxtlar nobud bo‘ladi. Hutning so‘nggi o‘n kunligida Ajuz kampir davri kecharmish. Uning jahli chiqib «Hoy to‘qson, bir kunimcha yo‘qsan» dermish-da, hunarini ko‘rsatarkan. Quyosh charaqlab turgan kunning ertasigayoq hammayoqni qalin qor qoplab, qahraton zabtiga olarkan. Odamlar uylaridagi pechkani, yana kimdir «tancha»ni qizdirib oyog‘ini ko‘tarib yotarkan, - dedim qaqillab kulib.
- Bo‘ldi, bo‘ldi yetar. Qantarni ham rosa og‘dirding. Rosa kitob o‘qibsan, qulog‘ingga quyibsan, - dedi ustoz qofiyasini keltirib. - Nima bo‘lganda ham endi yodingda tursin. Bahor haqida, dala ishlari haqida yozadigan maqolalaringda shu so‘zlarni ham ishlatib tur.
O‘ktam Qurbonovning shu so‘zlari bir umr qulog‘imda qoldi. Bir necha bor maqolalarimda qantar og‘ishi, hut kelishi, fevral - qishning so‘nggi oyi haqida yozganimda, albatta, uning so‘zlari yodimga tushadi.
Oqdaryo tumani Qorateri qishlog‘ida yashab o‘tgan O‘ktam Qurbonov qator yillar «Oqdaryo ovozi» gazetasida muxbir, bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib vazifalarida ishlagan. Keyinchalik o‘n yildan ko‘proq tumandagi 32-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan. 1992 yildan boshlab «Zarafshon» gazetasida muxbir, maxsus muxbir bo‘lib ishladi. Bir necha yil davomida Samarqand davlat teleradiokompaniyasida bosh muharrirlik qildi. Ustozning oxirati obod bo‘lsin!
Dilmurod TO‘XTAYeV.