Ijodiy imtihon bo‘lg‘usi jurnalistlarni saralaydi

Samarqand davlat chet tillar institutida 2025-2026 o‘quv yili uchun jurnalistika: xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lib o‘tdi.
Ijodiy imtihon O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri, dotsent Yulduz Zohidova raisligida olib borildi.
- O‘tgan yili O‘zbekiston Milliy universitetida ham ijodiy imtihonda komissiya a’zosi sifatida ishtirok etgandim, - deydi Yu.Zohidova. – Abituriyentlarning 30 foizi meni xursand qilib, 70 foizi ranjitgan edi. Masalan, “O‘tkan kunlar” asarini kim yozgan degan savolimga “O‘tkir Hoshimov” va boshqa noto‘g‘ri javoblarni bergandi. Afsuski, bu yil ham shunday holat kuzatildi. Lekin yoshlar hech qanday bosimlar ostida yoki diplom uchun emas, balki o‘zlari jurnalistikaga qiziqib, shu sohada o‘qiyman deb kelgani, ko‘zi yonib turgani meni quvontirdi. Ular astoydil bilim olib, o‘qib, izlanishsa, kelajakda ulardan zo‘r jurnalistlar yetishib chiqishiga ishonaman.
Bugun abituriyentlar uchun muhim kun. Nafaqat ular uchun, balki biz uchun ham ushbu sana ahamiyatli, chunki ularni xolis, adolatli, shaffof baholashimiz kerak. Bu bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu gal men komissiya raisi sifatida ishtirok etyapman. Komissiya tarkibi to‘rt nafar professor-o‘qituvchidan iborat. Og‘zaki imtihonda nutq ravonligi, fikrlar ifodasiga ahamiyat berilsa, yozma ishda imloviy xatolar va mavzuni qay darajada ochib berilganiga qarab baholanadi.
Imtihonning halol, adolatli o‘tkazilishi uchun Samarqand davlat chet tillar instituti ma’muriyati tomonidan barcha kerakli chora-tadbirlar ko‘rilgan.
- Imtihonlarni adolatli, shaffof o‘tishi uchun ijtimoiy tarmoqlarda jonli translyasiya jarayoni tashkil etildi, - dedi Samarqand davlat chet tillar instituti qabul komissiyasi mas’ul kotibi O‘tkir Sattorov. – Shuningdek, ota-onalar uchun tashqarida monitor o‘rnatilib, imtihon jarayonini kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Jurnalistika: xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishiga 140 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ular dastlab ijodiy imtihondan o‘tadi. So‘ngra ikkinchi bosqich, ya’ni test sinovlarida qatnashadi. Ikkala imtihon natijalari to‘planib, eng yuqori ball olgan 25 nafar abituriyent talabalikka qabul qilinadi.
- O‘zim ijodkorman, “Bu dunyoning hikmati” nomli kitobim nashr etilgan, - deydi abituriyent Zamira G‘afforova. – Shuningdek, hikoya va maqolalarim gazetalarda chiqqan. Bundan tashqari, ijodiy ishlarim xalqaro jurnallarda ham chop etib kelinyapti. Shuning uchun bo‘lsa kerak, imtihon jarayoni men uchun qiyin bo‘lmadi.
Xurshida ERNAZAROVA,
Dilnoza AHMADOVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto+video).