Yadro faqat xavf degani emas...

Qonunchilikda tizimda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy standartlarga rioya etish normalari belgilandi

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963 yil 21 may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala atrofida turli gap-so‘zlar bo‘lmoqda. Shu bois qonun jamiyatimiz va aholimizga nima beradi, uni qabul qilishdan maqsad nima, degan savollarga javob berishni lozim, deb topdik.

Zotan, qayd qilingan Konvensiyaga qo‘shilish orqali e’tibor qiling, fuqarolik yadro ob’yektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.

Umuman, Vena konvensiyasiga qo‘shilish zararni qoplashning xalqaro miqyosda tan olingan huquqiy mexanizmlarini ta’minlab, jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytiradi, yadroviy qurilmalar operatorining aniq majburiyatlarini belgilaydi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun ishonchli moliyaviy kafolatlarni yaratadi.

Shu bilan birga, milliy yadro xavfsizligi tizimiga ishonchni oshiradi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi va yadroviy javobgarlik sohasidagi zamonaviy standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligini, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.

O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi yadro energetikasi va xavfsizligi sohasida xalqaro huquqiy maydonga kirishini ta’minlashga, yadroviy xavfsizlikni kafolatlashga, yadroviy zarardan jabrlanuvchilarning huquqlarini munosib himoya qilishga, davlatning yadro energetikasi sohasidagi mas’uliyatini aniq belgilashga hamda yadro energetikasi sohasida sug‘urta tizimi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalari yanada kengayadi va uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari faollashadi.

Maryam Niyozova,

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi.