«Zarafshon»ning muharrirlari»

Viloyat Matbuot uyida “Zarafshon” gazetasi chiqa boshlaganidan buyon bosh muharrir bo‘lib faoliyat yuritgan ijodkorlar yodloviga bag‘ishlangan tadbir shunday nomlandi.

Ochig‘ini aytganda, bu tadbirga ancha vaqt tayyorlandik va uni hayajon bilan kutdik. Chunki birinchi soni chiqa boshlaganiga 110 yil to‘layotgan “Zarafshon” gazetasi o‘z bag‘rida ulug‘ insonlarni tarbiyalagan, bu tabarruk dargohda fidoyi insonlar ishlagan. Ular orasida Behbudiy, Fitrat, Alizodadek millatning ko‘zga ko‘ringan ziyolilari, Sharof Rashidovdek davlat rahbarlari, o‘nlab shoir va yozuvchilar, yetuk jurnalistlar yetishib chiqqan.

1913 yilning aprel oyida “Samarqand” nomi bilan chop etilgan gazeta keyinchalik “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Lenin yo‘li” nomlari bilan bosilgan. Gazetaning tamal toshini qo‘ygan jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiydan tortib, Ikkinchi jahon urushi yillarida muharrir bo‘lgan dunyo nazaridagi ulug‘ inson Sharof Rashidovgacha, urushdan keyingi mashaqqatli yillarda sarkorlik qilgan To‘lqin Rustamovdan tortib, mustaqillikning ilk yillarida zahmat va shijoat bilan ishlagan Mardi Nuriddinov va yana o‘nlab qalamkashlarning aziz nomlari abadul-abad unutilmaydi. Zero, ulug‘ insonlar nafaqat hayotligida, balki dunyodan o‘tganlaridan keyin ham ezgulikka, hamfikrlikka, odamlarning boshini qovushtirishga xizmat qilgan.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, viloyat “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi Saidahmad Usmonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin, Rahim Shokirbekov, Sharof Rashidov, Ahmadjon Muxtorov kabi muharrirlarning farzandlari, nevara va yaqinlari, keksalar, jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

- Bobom ushbu gazetani tashkil etganidan, ham noshir, ham muharrir bo‘lganidan hamisha faxrlanib yuraman, - deydi Mahmudxo‘ja Behbudiyning nevarasi Shohruh Behbudiy. – Muhimi, gazeta ilk chop etilgan yillardanoq odamlarga ziyo tarqatgan, fikrlashga undagan. Qolaversa, bobomni elga tanilishida ham gazetaning o‘rni katta bo‘lgan. Bugungidek tadbirlar esa bobom kabi el-yurt, millat uchun zahmat chekkan ijodkorlarning nomlarini yanada ulug‘laydi, ularning nomlarini yod, ruhlarini shod etishga xizmat qiladi.

- “Zarafshon” gazetasi tahririyatida yigirma yil ishladim, shundan besh yil davomida muharrir bo‘ldim, - deydi Habib Temirov. – Bu vaqt davomida jurnalistikaning fusunkor va qaynoq olamidan bahramand bo‘ldim. Hozir ham shu sohadaman. Men ta’bir joiz bo‘lsa, gazetani, ayniqsa, “Zarafshon”ni ma’naviy-ma’rifiy markaz, degan bo‘lardim. Chunki gazeta ustozimiz Ahmadjon Muxtorov ta’riflaganidek, go‘yoki oq dasturxon. Undagi ne’matlarning hammasi xalqniki. Gazeta insonning tafakkur mahsuli, kitobdan-da ulug‘roqdir. Sababi, u muttasil yangilanib, jozibalanib turadi”.

Darvoqe, ushbu tadbir boshlangach, xabarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdik. O‘z navbatida gazeta mushtariylari tadbir haqida o‘z fikrlarini bildirib borishdi. Jumladan, Dilbar Imomovaning fikrlari e’tiborimizni tordi:

“Menimcha, bunday tadbir birinchi marotaba bo‘lyapti. Juda ta’sirlandim. Jurnalist oilasida ulg‘ayganim sababli bolaligimdan dadam – Boboqul Imomovdan raxmatli Lutfulla Hamroyev, Malik Navro‘zov, Ahmadjon Muxtorov, Otaxon Xo‘jayev haqida eshitganman. Uyimizga Lutfulla aka, Ahmadjon aka kelganliklarini eslayman, suxbatlarini guvohi bo‘lganman. Hozir Farmon Toshev bosh muharrirligidagi gazetani ham biror sonini qoldirmay o‘qib boraman va hamisha o‘zimga yangi g‘oya, fikrlarni olaman. Gazeta yanada odamlarga yaqin bo‘lsin, o‘tgan jurnalistlar, ijodiy xodimlarning joylari jannatdan bo‘lsin”.

Uchrashuvda tadbir ishtirokchilariga viloyat “Nuroniy” jamoatchilik kengashi hamda “Zarafshon” gazetasi tahririyatining sovg‘alari tarqatildi.