Ulug‘larni ulug‘lash – savob
Har bir jamiyatning qahramonlari, fidoyilari bo‘ladi. “Zarafshon” gazetasiga 1913 yildan buyon bosh muharrirlik qilgan har bir ziyoli ana shunday sharafga sazovor bo‘lgan.
Ularning zimmasida jamoani boshqarish barobarida jamiyatdagi o‘zgarishlarni teran anglash, uni xalqqa yetkazish va eng muhimi, ijtimoiy muhitda yetakchilik qilish yuki ham bor edi. Va komil ishonch bilan ayta olamizki, ular bu yukni ko‘tara olishdi. Shu sababli milliy matbuot tamal toshini qo‘ygan, jurnalistika an’analarini yaratgan, muhimi, xalqning chinakam fidoyi qahramonlariga aylangan bu odamlar nomi hanuz yodimizda.
“Zarafshon” muharrirlari gazeta qanday nomlanishidan qat’i nazar, milliy jurnalistikaning abadiy qonunlari - haqgo‘ylik, hozirjavoblik, halollik, fidoyilik mezonlariga rioya etib yashashgan. Ularning bu savobli ishlari, ezguliklari keyingi avlod tomonidan qadrlanib, davom ettirilmoqda. Yangicha zamonda ham bu ulug‘ insonlar ibrati ehtiyojga aylanayotir. Bu ibrat nafaqat ijodda, jurnalistikada, balki hayotning barcha jabhalarida har bir ziyoli uchun eng kerakli saboqlarni berayotir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ulug‘ ajdodlarimiz merosini qanchalik puxta bilsak, uni qalbimizga jo etsak, ertangi kunimizni shunchalik nurafshon ko‘ramiz.
Bugun jamoamiz milliy matbuot buloqlarini ochgan, tarixning suronli yillarida so‘z qudratini ko‘rsata olgan, yer yuzining sayqali hisoblangan tabarruk zaminda katta ijodiy maktablarini yarata olgan bosh muharrirlarimiz xotirasini yodga olishni lozim ko‘rdi. Zero, bu xotira o‘tganlar ruhini shod qilish bilan birga, kasbimiz, qadrimiz hurmatini ham oshiradi.
Farmon Toshev.