"Blok-post"ni buzib o‘tgan qurollangan shaxslar qo‘lga olindi
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi sanatoriy yo‘nalishiga o‘rnatilgan blok-post xizmati to‘satdan tekshirildi. Bu haqda harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov ma’lum qildi.
Okrug qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan noqonuniy qurollangan kichik guruh yengil avtomobilda harakatlanib, vaqtincha tashkil etilgan blok-postni buzib o‘tadi va tezkorlik bilan yashirinadi.
Blok-postda navbatchilik qilayotgan harbiy xizmatchilarning to‘siq buzib o‘tilgandan keyingi taktik harakati, psixolok holati va tezkor tadbirlarni hamkorlikda bajarish amaliyoti ko‘rib chiqildi.
Baxmal sanatoriysi yo‘nalishidagi blok-post vaqtincha tashkil etilganiga qaramasdan, harbiy xizmatchilar karta yordamida yo‘llar, tog‘ oldi hududlari, qishloqlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqishgan.
To‘siq buzilganidan so‘ng shaxsiy tarkib ikki guruhga bo‘linib, harakatlandi. Jangovar texnikada ta’qibga olingan noqonuniy qurollangan guruh mashinasini 20 daqiqadan so‘ng ikkinchi guruh texnikasi pistirmada kutib oldi.
Yengil avtoulov portlashdan keyin, yo‘ldan chiqib to‘xtadi. Qo‘lga olish guruhi tomonidan jinoyatchilar qurolini tashlash haqida ogohlantirildi. Ammo bu foyda bermagach, harbiylar shiddat bilan hujumga o‘tdi.
Okrug qo‘mondoniga blok-post boshlig‘i vaziyat haqida ma’lumot yetkazdi. Ya’ni, mashinada uch nafar qisman harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar harakatlanishgan. Ulardan 1 nafari taslim bo‘ldi. Tekshirish davomida 2 ta AK-74 quroli, 1 ta Makarov pistoleti va portlovchi moddalar ashyoviy dalil sifatida qo‘lga olindi.
Bu kabi o‘quv mashg‘ulot ko‘rinishidagi to‘satdan tekshiruv tadbirlari Samarqand va Jizzax garnizonidagi blok-postlarda ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.