BMT Bosh kotibiga taklifingiz bormi?

Unda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tashkilotning 75 yilligi munosabati bilan “BMT75” global kampaniyasida ishtirok eting!

Kampaniya maqsadi iloji boricha ko‘proq odamlarni, ayniqsa raqamli makon foydalanuvchilarini qamrab olib, insoniyat duch kelayotgan hozirgidek qiyinchiliklarni yengib o‘tish, dunyoni yaxshiroq qurish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan birinchi navbatdagi vazifalarni belgilash, butun dunyodagi insonlardan g‘oya va takliflarni yig‘ishdan iborat.

Tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston va uning fuqarolari ham so‘rovda faol ishtirok etishi rejalashtirilgan. Xususan, birgina “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo‘linmasi tomonidan aholisi o‘rtasida - davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan yoshlar bilan keng qamrovli targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyat televideniyesi bilan hamkorlikda so‘rovnomaning ahamiyati to‘g‘risida material tayyorlanib, namoyish etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega sahifalarda mazkur so‘rov joylashtirilishi choralari ko‘rilmoqda.

Global so‘rovnomada xalqaro hamjamiyatning pandemiyadan xalos bo‘lishi, bu yo‘lda jahon mamlakatlarining hamkorligi, kelgusi 25 yil davomida yanada yaxshiroq hayot qurish uchun nimalarni amalga oshirish kerakligi kabi qator savollar mavjud bo‘lib, unda istalgan kishi o‘z fikrini erkin bayon qilishi, taklif va g‘oyalarini BMT Bosh kotibiga yozib qoldirishi mumkin.

Janob Guterrish tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbusning e’tirofga loyiqligi shundaki, butun Yer yuzida yashayotgan aholi vakillarining global muammolarga bo‘lgan munosabati, fikr va g‘oyalari bir joyda jam bo‘ladi, elakdan o‘tadi hamda keyingi taraqqiyotimizni belgilab beruvchi dastur hamda yo‘nalishlarni aniqlab olishda foydalaniladi.

Viloyatimiz aholisini ushbu un75.online saytida joylangan global so‘rovda faol ishtirok etishga chorlaymiz.

Zafar KARIMOV,

“Yuksalish” umummilliy harakati

viloyat bo‘linmasi rahbari.