BMT (FAO): jahonda oziq-ovqat narxi rekord darajaga yetdi
Eng qashshoq davlatlar global oziq-ovqat inqirozining oqibatlariga birinchi bo‘lib duch kelishdi. So‘nggi oylarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi, ayniqsa, Ukrainada harbiy mojarolar boshlanishi bilan keskin ko‘tarila boshladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, martda oziq-ovqat mahsulotlarining dunyoviy narxi rekord darajaga yetgan.
Bunda hatto boy davlatlar ham jabr ko‘rmoqda. Don narxlari indeksi fevral oyiga nisbatan deyarli 18 foizga ortdi. Dunyoning asosiy bug‘doy eksportchilari - Rossiya va Ukraina o‘rtasida davomli urush ehtimolini hisobga olsak, bu o‘sishning to‘xtashi dargumon.
Ukraina kungaboqar yog‘ining eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, uning yetishmasligi allaqachon sezila boshladi. O‘simlik moyi narxlar indeksi qariyb 24 foizga o‘sdi.
Prognozlar shu qadar mavhumki, BMT Bosh kotibi vaziyat o‘zgarmasa, global oziq-ovqat tizimi barbod bo‘lishi, ko‘plab mamlakatlar aholisi ocharchilikka duchor bo‘lishidan ogohlantirdi.