Bog‘chada ekologik bog‘ bo‘lishi kerak

Samarqanddagi uchrashuvda o‘z saylovoldi dasturi bilan chiqish qilgan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod N.Oblomurodovga saylovchilar bir qator masalalar yuzasidan savol va takliflarini bildirishdi.

Jumladan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi, qoraqalpog‘istonlik U.Xo‘jaahmedov yo‘rg‘a tuvaloqni ko‘paytirish, pastdarg‘omlik saylovchi B.Nurmuhammedov ta’lim muassasalarida ekologiya fanini uzluksiz o‘qitishni taklif qildi.

Kattaqurg‘on tumanidagi 3-maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Latofat Qodirova esa bog‘chalar hovlilarida ekologik bog‘lar tashkil etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

– Barcha shahar va qishloqlarimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hovlisida albatta, ochiq yoki ko‘kalamzorlashtirilgan, gul va daraxtlar ekilgan maydonlar bor, – deydi L.Qodirova. – Ana shu joylarga “Ekologik bog‘”, deb nom berib, ularni o‘simlik dunyosi bilan boyitsak, bu ham bolalarimizni yoshligidan tabatni, atrof-muhitni asrab-avaylashga da’vat etishga yaxshi turtki bo‘ladi.

N.Oblomurodov har bir taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi hamda ularni amalga oshirish uchun partiya tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilishini ma’lum qildi.