Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bog‘chaga borgan bola jamiyatga tez moslashadi

Uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bog‘cha yoshi bolalikning katta bir qismini tashkil etadi. Asosan shu davrdan boshlab bolaning mustaqil faoliyatlari rivojlanadi hamda shaxsiy individual xususiyatlari (insoniy fazilatlari) shakllanadi.

Mashhur rus pedagogi Pyotr Lestgafning fikricha: “Insonning bog‘cha yoshidagi davri mobaynida kelgusida qanday xislatlari paydo bo‘lishi belgilanadi va axloqiy sifatlarining asoslari yuzaga keladi”.

Bog‘chada bolalarning birgalikda ta’lim-tarbiya olishi, o‘ynashi va ovqatlanishi ularda jamoa tuyg‘usini yuzaga keltiradi. Guruh bo‘lib bir o‘yinni o‘ynash yoki boshqa vazifani bajarishda o‘z xatti-harakatlarini kelishib olish, rollarni taqsimlash va bir-birlariga yordam berish kabi jamoa hayotiga oid fazilatlar namoyon bo‘la boshlaydi. Biroq bog‘cha yoshidagi davrda bolalar jamoaga endigina kirib kelayotganini unutmaslik lozim. Bolalar jamoani mustahkamlashda yuzaga kelayotgan o‘zaro murakkab munosabatlari, ya’ni bir-biriga bo‘ysunish, yon bosish kabilar katta rol o‘ynaydi hamda bolalarning psixik taraqqiyotiga yordam beradi.

Bog‘cha yoshidagi bolalarning o‘z xatti-harakatlarini ma’lum vazifalarni ado etishga bo‘ysundira olishlari, kuchayib borayotgan qiziqish va aqliy taraqqiyot darajalari ularni ma’lum ta’limiy dastur asosida tarbiyalash imkonini beradi. Bog‘chada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tarbiyaviy ishlar, bolalarda mehnat faoliyatining oshishi hamda bilimga qiziqishni shakllantiradi.

Bog‘cha hayotining ko‘p qirrali va sermazmunligi bolalar bilish faoliyatlarining kengayishiga hamda chuqurlashishiga yordam beradi.

Lekin ijtimoiy taraqqiyotning bunday yetuklik bosqichiga bola o‘z-o‘zidan ko‘tarilmaydi. Uni bu bosqichga bog‘chadagi va oiladagi butun ta’lim-tarbiyaning natijasi ko‘taradi. Bola yetti yoshga to‘lganda u jismoniy jihatdan ancha o‘sadi, o‘zini idora qilishga, nojo‘ya xatti-xarakatlardan o‘zini tiyishga, xulq-atvor qoidalarini o‘zlashtirishga harakat qiladi. U o‘zini bemalol eplaydigan bo‘ladi, o‘z kuchiga yarasha mehnat qila oladi, jamoada yashashga ko‘nika boshlaydi. Bu davrda bolaning turmush tajribasi anchagina ortadi. Ko‘p narsalarni nomini va ulardan qanday foydalanishni biladi. Xotirasi va tasavvurlari rivojlanib, bir qator she’r va hikoyalarni mustaqil yodlay oladi. Yetti yoshli bolaning nutqi ma’lum darajada rivojlanib, so‘z boyliklari ortadi, natijada u o‘rtoqlari va kattalar bilan erkin suhbat qiladigan bo‘ladi. Yetti yoshga to‘lgan bolalarda harakatlar ham mustahkamlanadi. U qaychi, igna, qalam, ruchka kabi o‘quv qurollaridan foydalanish malakasini egallay boshlaydi. Biroq bu davrda bolada beixtiyor faollik ham ustunlik qiladi. Shu sababli bolani qiziqtiradigan yoki unga kuchli ta’sir qiladigan narsa-hodisalar diqqatini o‘ziga jalb qiladi.

Bola o‘qish mashg‘ulotlaridan bo‘sh paytida turli xil o‘yinlarni o‘ynashda davom etaveradi. O‘yin jarayonida u o‘z-o‘zini idora qilishga, xarakatlarini o‘yin qoidalariga bo‘ysundirishga, javobgarlikni sezishga, jamoa manfaatini ustun qo‘yishga odatlanadi. O‘yin va bog‘chadagi didaktik mashg‘ulotlarda bolalarning aql-idroki, xotira va tafakkuri o‘sadi. Bu o‘z navbatida, bolaning maktabda o‘qiy olishi uchun psixologik zamin tayyorlaydi. Bunday zaminni tayyorlash va mustahkamlashda, albatta, oilada hamda bolalar bog‘chasida olib borilgan ta’lim va tarbiya ishlari hal qiluvchi ahamiyatga egadir.

Mutaxassis sifatida yuqoridagi gaplardan tashqari yana shuni ta’kidlashim joizki, bolangizning kelajagi bog‘chadan va unga berilayotgan e’tibordan boshlanadi. Uning jamiyatga tez moslashishi, kirishimli va teran tafakkur qila olishi uchun ham bog‘cha va undagi ta’limning ahamiyati nihoyatda beqiyos.

Charos Abdurahmonova,

Samarqand davlat universiteti maktabgacha ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi.