Bojxona: Ko‘rsatkichlar oshgan, huquqbuzarliklar ham

26 yanvar - Xalqaro bojxona kuni (International Customs Day) sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 2018 yildan buyon yurtimizda ham O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati idoralari xodimlari kuni deb belgilangan.

Ayni tadbir bojxona xizmatlarining birdamligini ifodalabgina qolmay, sohada yil yakunlarini sarhisob qilish, istiqbolli rejalar tuzishni ham anglatadi. An’anaga muvofiq, viloyat bojxona boshqarmasi o‘tgan davrdagi faoliyati natijalari bilan bo‘lishdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2024 yilda viloyatimizdan davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 3,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 1,81 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanilgan. Bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash tartiblarining soddalashtirilishi natijasida tadbirkorlarga 617,9 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lashda yengillik yaratilgan.

O‘tgan yilda viloyat bojxona boshqarmasi orqali tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan 881,4 million AQSh dollarilik eksport amalga oshirilib, 2023 yilga nisbatan 95,7 million AQSh dollariga yoki 12,2 foizga ko‘paygan. Eksportning asosiy qismini meva-sabzavot mahsulotlari (248,8 million AQSh dollari), metal va ulardan tayyorlangan buyumlar (160,7 million AQSh dollari), oziq-ovqat mahsulotlari (104,2 million AQSh dollari) transport va uning ehtiyot qismlari (102,0 million AQSh dollari) tashkil etgan. Tovarlar asosan Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya hamda Tojikistonga eksport qilingan. Import esa 2136,8 million AQSh dollariga teng bo‘lgan. 

Hisobot davrida “Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti orqali harakatlangan yo‘lovchilar soni ham sezilarli oshgan. Masalan, 2023 yil davomida 949330 nafar yo‘lovchi qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 221014 nafarga yoki 18,9 foizga oshgan. Shuningdek, “Jartepa” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtotransport vositalari soni 2023 yilda 65,1 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 87,9 mingtaga yetgan.

Viloyat bojxonachilari tomonidan o‘tgan yili 1658 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 37 milliard 568,4 million so‘mlik tovar va transport vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Jarayonda 1514 ta ma’muriy va 63 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 31 holatda 45,1 kilogramdan ortiq giyohvandlik moddasi aniqlangan. 10 holatda 1 milliard so‘mdan ziyod qiymatga ega 17915 litr alkogol mahsuloti hamda 42 holatda 315 million so‘mdan ziyod qiymatga ega 10739 quti tamaki mahsulotining noqonuniy aylanmasi to‘xtatilgan.

Valyuta qimmatliklarining noqonuniy harakati bilan bog‘liq 167 holatda 7 milliard 654 million so‘mlik 517983 AQSh dollari aniqlangan. Shuningdek, 82 holatda noqonuniy aylantirishga qaratilgan 6,3 milliard so‘mlik 11,4 kilogramm zargarlik buyumi ashyoviy dalil sifatida ushlab qolingan. 

Psixotrop tabletka va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlarda 17 holatda 1542 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalar aniqlangan. 

Asqar Barotov tayyorladi.