Bojxonada korrupsiyaga qarshi kurashishda tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan

Prezidentimiz joriy yilning 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biri. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Mamlakatimiz ham bu muammodan xalos bo‘lmagan. Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan.

Ushbu illatga qarshi kurashishda bojxona organlarida ham qator maqsadli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, 2020 yil yanvar-aprel oylari davomida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jami 20 marotaba ma’ruzalar qilingan, tamagirlik kabi salbiy holatlarning oldini olish borasida xodimlar bilan 16 marotaba induvidual profilaktik suhbatlar olib borilgan hamda 1 marotaba xodimlarning yaqin qarindoshlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan.

Xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan o‘tgan davr mobaynida 5 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Olib borilgan xizmat tekshiruvlari natijasiga ko‘ra, ariza va shikoyatlar o‘z tasdig‘ini topmagan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar va jismoniy shaxslarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning muammolarini bartaraf etish, shuningdek, tizimda korrupsiyaning oldini olish maqsadida viloyat bojxona boshqarmasida tashkil etilgan (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni” uzluksiz ishlab turibdi.

Karantin davrida ham viloyat bojxona boshqarmasi ushbu illatga qarshi kurashishda tegishli chora-tadbirlarni belgilab olingan hamda har bir xodimning xatti-harakati ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.