Bola huquqlari himoyasi yanada mustahkamlanadi

Bolalar huquqlari jahondagi deyarli barcha davlatlarda qonun bilan himoya qilingan. Respublikamizda ham bola huquqlari himoyasi haqida bir qator qonun hujjatlari ishlab chiqilib, hayotga joriy etilgan. Bularga qo‘shimcha ravishda yaqinda Prezidentimizning “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Bola huquqlari erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta’sirchan tizimini yaratish maqsadida ushbu qaror bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilga bir qator vazifalar yuklatildi. Masalan, u imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashadi. Shuningdek, tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning turar-joy bilan ta’minlanishiga yordam beradi.
Shunisi ahamiyatliki, bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi. Vakil daxlsizlik huquqidan foydalanadi va u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.
Shuningdek, vakil Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘zining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi mintaqaviy vakillariga ega bo‘ladi.