Bola o‘zi hali gapirolmasa-da, telefonni “gapirtiryapti” - me’yor, nazorat to‘g‘risida kim bosh qotirishi kerak?

Bugun endigina “tili chiqqan” bolalar ikkita jumlani bir-biriga qo‘shib gapira olmasa ham, avvalo, qo‘liga tushgan eng zamonaviy telefon apparatini “gapirtiradi”. Avvallari bunga hayratlanardik, bugun esa oddiy holga aylanib qoldi. Chunki bugun dunyoga kelayotgan farzandlarimiz texnologiya rivoji bilan birga o‘sib ulg‘aymoqda.
Bundan fojia yasashga shoshilmaylik. Bunda me’yor, nazorat masalasida ozgina bosh qotirib, foydali mashg‘ulotga yo‘naltirishga harakat qilsak, kifoya.
Maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beraman. Dars mashg‘ulotlari, fanlarni o‘qitishdagi aksariyat mavzular multimedia vositalaridan foydalangan holda o‘quvchilarga tushuntirishga mo‘ljallangan. Albatta, biz, muallimlar maktabda yaratilgan qulay sharoitlardan kelib chiqib, ushbu mavzularni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda bolalarga o‘rgatishga harakat qilamiz. Bu o‘quvchining nazariy ma’lumotni shunchaki, yodlab olishidan tashqari, tushunib, hayotdagi o‘rni va ahamiyatini teran anglashiga yordam beradi.
Shu bilan birga bugun farzandlarimizning maktabdan tashqari uyda, ota-ona nazorati ostida mustaqil bilim olishi mumkin bo‘lgan elektron portallar ham talaygina. Masalan, Xalq ta’limi vazirligining “eduportal.uz” tarmog‘ida barcha sinf o‘quvchilari uchun elektron darsliklar, ta’limiy o‘yinlar, ertak va hikoyalar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, xullas, juda ko‘p foydali ma’lumotlar joylashtirilgan.
Bundan tashqari, “ZiyoNET” axborot ta’lim tarmog‘i, to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish mumkin bo‘lgan audio.ziyonet.uz, kitob.uz, ertak.uz, ertaklar.uz, lang.uz saytlari o‘quvchilarning darsdan so‘ng mustaqil o‘qib, o‘rganishi uchun juda muhim. Bunda faqat ota-onalar va o‘qituvchilar hamkorlikda ishlashlari lozim. Ushbu hamkorlik sifatli ta’lim-tarbiyani tashkil etishi bilan birga zamonaviy fikrlaydigan, intellektual salohiyatli yosh kadrlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Shoira ShUKUROVA,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.