"Bola puli" davlat xizmatlari markazlari orqali berilmaydi
Keyingi paytda davlat xizmatlari markazlariga "bola puli" ajratilishini so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolar ko‘paymoqda. Bu masala yuzasidan Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati tushuntirish berdi.
Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash masalalari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizom bilan tartibga solinadi.
Nizomga ko‘ra:
- bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam agar oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmasa, to‘lanadi.
Ariza berilgandan keyin:
- mahallada tuzilgan komissiya, ariza berilgan sanadan boshlab uch kun muddatda, ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida oilaning a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini aniqlaydi.
Oilaning jami daromadiga, oila a’zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
- mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
- chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
- pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar;
- shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
- O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
Tekshirish natijalari bo‘yicha komissiya oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganish dalolatnomasini tuzadi. Tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash bo‘yicha xulosa dalolatnomada ko‘rsatiladi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam komissiya qarori bilan tayinlanadi.