Bolada bilim, aql, zakovat boshlang‘ich sinflarda mustahkamlanadi

Ta’limda aksioma maqomini olgan bu ibora zamirida, avvalo, o‘qituvchi mahorati va pedagoglik salohiyati, kasbiy malakasi muhim o‘rin tutadi. O‘qituvchi qanchalar bilimdon va mahoratli bo‘lsa, o‘quvchilar puxta bilim va tarbiya oladi.
Bu fikr Samarqand shahridagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan «Boshlang‘ich ta’lim: uzluksiz va uzviy» mavzusidagi o‘quv-amaliy seminarda aytildi.
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli maktablarning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari ishtirok etgan seminarda ochiq darslar o‘tish, namunaviy mashg‘ulotlar tashkil etish va unda asosiy e’tibor o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgani ta’kidlandi. Bu borada o‘qituvchilarning "Dars muqaddas", "O‘rgan-o‘rgat", "Murakkab fan o‘rganaman", "Sog‘lom muhit - sog‘lom jamoa", "Puxta reja - samarali natija", "Yaxshi muallim - sifatli ta’lim" kabi tavsiyalar asosida darslarni tashkil etishi zarurligi haqida mulohazalar bildirildi.
Seminar doirasida ishtirokchilar 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ochiq darslari hamda 1-A sinf o‘quvchilarining "Savodxonlik besh tashabbus doirasida" deb nomlangan tadbirini kuzatishdi. Bu tadbirlarda “Alifbe” kitobini o‘zlashtirgan o‘g‘il-qizlarning boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha egallagan dastlabki bilimi intellektual o‘yinlar, qiziqarli savol-javoblar orqali sinovdan o‘tkazildi.
Nigora YARQULOVA.