Bolalarda o‘tkir respirator kasalliklar nega qaytalaydi?

Qish boshlandi. Mavsumiy kasalliklar yanada avj oladigan palla hozir. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida bunday xastaliklarga chalinish holatlari ko‘p bu yil.

Shunday ekan, ehtiyokorlik shart. Qolaversa, bemor bolalar muolajasi, parvarishi ham o‘ta mas’uliyatli jarayon hisoblanadi. Xo‘sh, bunday vaziyatda shifokorlarning tavsiyasi qanday?

— O‘tkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kafedra mudiri Nigora Aliyeva. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa ko‘p uchrayapti.

Bularning alomatlari ham turlicha kechmoqda. Bir toifa bolalarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yana ba’zilarda yo‘tal, harorat ko‘tarilishi kabi belgilar kuzatilyapti.

Bunday xastaliklar immuniteti past o‘g‘il-qizlarda og‘ir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yo‘llari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.

Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infeksiyalardan so‘ng meningit va meningoensefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.

Mamlakatimizda O‘RVI 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p uchramoqda. Ular orasida chaqaloqlar ham kam emas. Mutaxassisdan buning sababi haqida so‘radik.

— Hammasi, avvalo, sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq, — deydi shifokor. — Bola to‘g‘ri ovqatlanishi, o‘z vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.

Masalan, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘zlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari, ya’ni massaj ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyatini yaxshilaydi.

Aslida, kichik yoshdagi o‘g‘il-qizlarning yiliga 3-4 marta bunday virusli kasalliklar bilan og‘rishi normal holat. Ammo kasallikka chalinish soni emas, tuzalish muddatiga e’tibor qaratish kerak. Xastalikdan so‘ng asoratlar qolmasligi asosiy natija.

Nigora Aliyevaning aytishicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin ba’zi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bog‘chaga, maktabga jo‘natishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm to‘liq tiklanib, avvalgiday quvvatga qaytmagan bo‘ladi.

Oqibatda hali to‘liq quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, o‘g‘il-qizlarning xastalikni yengil darajada o‘tkazishida ota-onalari, yaqinlari ko‘magi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada e’tiborli bo‘lish talab etiladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lumotida.