Bolali ayol boshpanaga ega bo‘ldi

 Darhaqiqat, adolatli ajrim bo‘lsa-yu, ammo ba’zi fuqarolar uni amalga oshirishdan bo‘yin tovlasa, uning haqqoniyligi jabrlanuvchiga foyda bermaydi. Xuddi shunday holatni Samarqand shahridan Xurshida Ma’rupova misolida ko‘rish mumkin. 

Oiladagi kelishmovchiliklar sabab X.Ma’rupova bundan bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i bilan ajrashadi. Ammo yashaydigan joyi bo‘lmagani uchun uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan sarson-sargardon bo‘ldi. 2013 yilda sud qaror chiqarib, unga sobiq turmush o‘rtog‘ining uyidan joy ajratdi. Biroq shu paytga qadar ayol uyga kirolmay kelayotgandi. Bu orada oiladagi ba’zi kelishmovchiliklar o‘zaniga tushdi, o‘zaro kelishuv ham bo‘ldi. Ammo bir necha yil o‘tgach, ayol yana huquq muhofazachilari himoyasiga muhtoj bo‘ldi. Ushbu vaqt oralig‘ida sud ijrochilari tomonidan yetti marotaba talabnoma berilgan. Ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, sud qarori amalda o‘z ifodasini topmay kelayotgan edi. 
2017 yilning oktyabr oyida majburiy ijro byurosi aralashuvi  tufayli ayol uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan boshpanaga ega bo‘ldi.  Endilikda u farzandlari bilan qaynotasining xonadonidan ajratilgan uyda istiqomat qilmoqda. Muhimi, barchasi o‘zaro kelishuv va janjallarsiz amalga oshirildi. 

Xudoyberdi TOO‘IROV,
majburiy ijro byurosi Samarqand shahar
bo‘limi davlat ijrochisi.