Bolalikni yo‘qotgan dunyo... va tinchlik qo‘ynida kamol topayotgan O‘zbekiston bolalari
Bundan bir necha yil avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir surat butun insoniyat qalbini larzaga solgan edi. Unda urush va ochlik azobidan tinka-madori qurigan bir go‘dakning onasiga qarab aytgan yurakni tilka-pora qiluvchi savoli muhrlangandi: “Onajon, jannatda non bormi? Agar bo‘lsa, ketaylik...”
Dahshat! Bu shunchaki bolaning beg‘ubor savoli emas, balki zamonaviy dunyoning vijdoniga otilgan og‘ir nido, to‘qlikdan kibrlangan, isrof va hashamatga ko‘milgan insoniyatning yuziga urilgan alamli haqiqat edi. Oddiy bola uchun orzular o‘yinchoqlar, ertaklar va rang-barang tasavvurlar bilan to‘la bo‘ladi. Ammo urush va qashshoqlik iskanjasida qolgan bu go‘dakning eng katta orzusi bir parcha non edi, xolos. Uning bolalarcha tasavvurida jannat — portlashlar bo‘lmaydigan, ko‘zyoshlar oqmaydigan va insonlar och qolmaydigan yagona makon edi.
Afsuski, bu fojia shunchaki bir bolaning emas, balki bugungi kunda millionlab go‘daklarning achchiq qismatiga aylanib bormoqda. Dunyoning turli nuqtalarida bolalar urush olovlari, qahatchilik va muhtojlik sabab beg‘ubor bolalik baxtidan butkul mahrum bo‘lishyapti. Qurol-yarog‘ va harbiy ambitsiyalar uchun milliardlab mablag‘lar suvdek sarflanayotgan bir paytda, qayerdadir bir burda nonga zor, och-nahor ko‘zlar mo‘ltirab turibdi. Boshpanasizlik, savodsizlik va doimiy xavf-xatar ostida yashash ularning kundalik alamli voqeligiga aylangan.
Eng achinarlisi, urush nafaqat insonni och qoldiradi, balki butun boshli millatlar kelajagini ildizi bilan vayron qiladi. Chunki qurolli to‘qnashuvlar bor joyda maktablar vayron bo‘ladi, bilim berishi kerak bo‘lgan maskanlar zulm va zalolat qurollari soyasida qolib ketadi. Oqibatda, millionlab bolalar ta’lim olish imkoniyatidan ayrilib, ularning go‘zal orzulari bilan birga insoniyatning ertangi kuni ham barbod bo‘ladi.
Ana shunday qarama-qarshiliklar va global inqirozlar fonida bir oliy haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda: bolalik dunyosiga beriladigan eng buyuk ne’mat — bu tinchlik va ta’limdir! Zero, bir burda non go‘dakning bugungi hayotini saqlab qolganidek, tinchlik va sifatli ta’lim uning porloq kelajagini kafolatlaydi.
Dunyoning mana shunday tahlikali manzarasida yurtimiz osmoni musaffoligi, zaminimizda tinchlik va osoyishtalik barqaror ekani biz uchun ulkan baxtdir. Eng muhimi, yurtimizda aynan ana shu ertangi kun egalari uchun keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan rivojlantirish va o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu esa farzandlarimizning ochlik va urush vahimasidan yiroq bo‘lib, faqat go‘zal kelajak va yuksak bilim sari intilishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 78 foizga yetgani sohadagi ulkan burilishlardan dalolat beradi. Eng muhimi, o‘g‘il-qizlarimizni maktab hayotiga sifatli tayyorlash maqsadida bir yillik bepul va majburiy maktabgacha ta’lim tizimi bosqichma-bosqich, muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. Chunki inson o‘z hayoti davomida oladigan jami axborot va ma’lumotlarning qariyb 70 foizini aynan 5 yoshgacha bo‘lgan davrda o‘zlashtirishi ilmiy tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan. Bu raqamlar maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning shunchaki bir qismi emas, balki ijodiy, ijtimoiy faol va ma’naviy boy shaxsni shakllantiruvchi eng asosiy bo‘g‘in ekanini ko‘rsatadi.Tizimdagi bunday ijobiy o‘zgarishlar nafaqat yirik shaharlarda, balki yurtimizning eng chekka va uzoq go‘shalarida ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan zamonaviy bog‘chalar va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalari tufayli qishloqlardagi bolajonlar ham yuqori sifatli ta’lim-tarbiya olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Bu esa har bir bolaning kelajakka katta ishonch va qat’iyat bilan qadam qo‘yishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Go‘daklar qalbiga ilk bilim urug‘ini qadash bilan cheklanilmay, umumiy o‘rta ta’lim sohasida ham misli ko‘rilmagan, salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bugungi kunda respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari soni 11 ming 118 taga yetdi va bu ko‘rsatkich bir yilning o‘zida naq 175 taga ko‘paydi. Zamonaviy maktablarning barpo etilishi, mavjud binolarning tubdan rekonstruksiya qilinishi va ta’lim mazmunining zamon talablari asosida yangilanishi ming-minglab o‘g‘il-qizlarimiz uchun jahon andozalari darajasida bilim olish ufqlarini ochmoqda.
Darhaqiqat, buyuk kelajak aynan maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi. Ilm-fan va innovatsiyalarga asoslanayotgan mamlakatimiz taraqqiyotida maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit zanjirga — Uchinchi Renessansning muhim uzviy halqasiga aylandi. Bu strategik yondashuv kelajak avlodni yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlash, millatning intellektual salohiyatini oshirish va vatanimizning ma’naviy-iqtisodiy qudratini yuksaltirishga xizmat qiluvchi eng ulug‘vor poydevordir.
Bugun dunyoning qaysidir nuqtasida millionlab bolalar umr bo‘yi maktab ostonasini bir bor hatlab o‘tish orzusi bilan yashamoqda. Ular uchun ta’lim — oddiy haqiqat emas, balki erishib bo‘lmas orzu. Shu bilan birga, jonajon yurtimizda bolalar uchun har kuni yangi, zamonaviy va muhtasham bilim maskanlari qad rostlamoqda, ta’lim olish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu tinchlik, barqarorlik va inson qadriga berilgan yuksak e’tiborning samarasidir.
Ammo bolalarning begonasi bo‘lmaydi. Dunyoning qaysi burchagida yashamasin, har bir ma’sum go‘dakning qismati butun insoniyatning vijdoniga daxldordir. Axir, ochlik va beshafqat muhtojlik inson ruhiyatini qay darajada ezib, majruh qilishi kerakki, hali oq-qorani tanimagan murg‘ak go‘dak bu foniy hayotdan umidini uzib, boqiy jannatdan panoh qidirsa?! Zero, hech qanday urush, hech qanday siyosat yoki qashshoqlik go‘daklarning eng ulug‘ huquqini tortib olishga haqli emas: bolalar bolalikka haqlidir!
Shuhrat Normurodov.