Bo‘lgan voqea: Insof degani nima?
Gaz plitamiz yaxshi ishlamay qoldi. Usta qidirib, ajib holatlarga duch keldim. Birinchi usta innovatsion ekan: "Uyimga opkeb tashang, vaqtim bo‘lsa ko‘rib, aytaman. Bir ko‘rib qo‘yishim 300 ming bo‘ladi. Tuzalsa ham, tuzalmasa ham shu gap".
Ikkinchi ustani ruslar insofli, ham bilmaydigan narsasi yo‘q deyishganiga shu millatga mansub ustaning raqamini topib, dardimni aytdim. Plitaning rusumini so‘radi. "Artel", deyishim bilanoq xayr-ma’zurniyam nasiya qildi. Yana bir ustani maqtashgandi, uyiga besh marta bordim, yarim stavkada hokim-pokim bo‘lib ham ishlasa kerak, umuman uyidan topolmadim.
Oxiri, mahalladagi otaxonlardan biri bilan gaplashib, shu mavzudan so‘z ochgandim, u bir tengdosh tanishining manzilini aytdi. Uzoqroqda yashaydiyu, lekin ishining piri, dedi.
Topib bordim. Yo‘l-yo‘lakay gaplashib keldik. 73 yoshda ekanlar, o‘g‘il-qizlari uyli joyli bo‘lib ketishganini, ermak uchun, zerikib qolmaslik uchun shunday ishlarni qilib turamizda, o‘g‘lim, dedilar xuddi bu ish aybdek. Uyga kelib, 20 minutda ishni tugatgan usta gazni yoqib berdi, na hid bor, na boshqa muammo. Yana: "O‘zim velikda kelaverardimu uyim sal uzoqda, charchab qolaman bu issiqda" dedilar. Uylariga oborib qo‘yishda ham gaplashib ketdik. Ikki kun oldin tug‘ilgan kunlariga o‘g‘illari mashina sovg‘a qilishganini aytib qoldilar. Tabrikladim. Uylariga yetgach, ish haqi qancha bo‘ladi, dedim.
E, qo‘ysangchi, shu arzimagan ish uchun pul olsam, mening manzilimni aytgan og‘aynimni hurmati qayerda qoladi, dedi.
Men esa qancha so‘rasalar berishga tayyor edim. Shu bois pul olmasalar xafa bo‘lishimni aytdim.
Mayli undoq bo‘lsa, o‘n ming ber mingdan ming roziman, dedilar.
Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. 50 mingtalik berdim. Xuddi u kishi meni emas, men u kishining ishini bajargandek uzoq duo qildilar yana.
Insof degani mana shu bo‘lsa kerak.
Maqsud Jonixonov.