Bo‘lgan voqea: Onangiz nimani yaxshi ko‘rishini bilasizmi?
Ushbu voqea Malayziya davlatining poytaxtidagi katta bir kafeda bo‘lib o‘tgan.
Kun yarimlab qolgan, kafe odamlar bilan gavjum, ko‘pchiligi yoshlar va o‘rta yoshdagi ayol va erkaklar edi. Birdan kafe eshigidan 4-5 ta bashang kiyingan odamlar kirib keldi, qo‘llarida videokamera bor, hammaning ko‘zi ularda, shunda ulardan biri so‘z boshladi:
– Hurmatli xonimlar va janoblar, uzr, ozgina vaqtingizni olamiz. Maqsadimiz shuki, hozir birgalikda psixologik test o‘tkazamiz, shartlar oddiy, hozir xammangizga qog‘oz va qalam tarqatamiz, keyin ketma-ketlik bilan savol o‘qiyman, sizlar javob yozasiz, xolos.
Hamma hayron. Hech kim, hech narsaga tushungani yo‘q, shunday bo‘lsa-da yuzlaridagi kulgi bilan rozilik ifoda etib turishardi.
Kelganlardan biri hammaga qog‘oz va qalam tarqatib chiqdi va birinchi so‘z boshlagan kishi dedi:
- Hamma diqqat bilan eshitsin va faqat o‘ylab javob yozsin. Birinchi savol: Siz onangizni yaxshi ko‘rasizmi?
Hamma shoshilgancha javob yozdi!
- Siz unga oxirgi marta qachon “Onajon, sizni yaxshi ko‘raman”, deb aytdingiz?
Hamma jim, javob yozmoqda!
- Oxirgi marta qachon onangizni mahkam bag‘ringizga bosdingiz?
Ishtirokchilarning ko‘zida qandaydir ma’yuslik sezila boshladi.
- Qachon oxirgi marta onangiz bilan birga o‘tirib ovqatlandingiz?
- Qachon onangizni biror joyga aylantirgani olib bordingiz?
- Qachon onangizga biror nima sovg‘a qildingiz?
Kafedagi xo‘randalar boyagina birinchi savolga, yengillik bilan shoshilib javob yozgan edilar, endi ko‘ring! Boshlari pastga egilgan holda qo‘llaridagi qalamlar yozish o‘rniga qaltirar edi!
Boshlovchi yana savolni davom ettirdi:
- Onangiz nimani yaxshi ko‘rishini bilasizmi?
Boshlovchi savollarni tez o‘qiy boshladi.
- Onangiz hozir nimani xohlayotganini bilasizmi?
- U hozir kimni sog‘inayotganini-chi?
- Oxirgi savolim: Bir kun kelib uni yo‘qotishingizni bilasizmi, uni qaytib hech qachon ko‘rmasligingizni-chi?
Boshlovchi savolni tugatdi va kafedagi odamlarga nazar soldi. Ularning ko‘zlari yoshlanib, qo‘llaridagi qog‘ozda o‘z izini qoldirgandi, go‘yoki hamma savollarga ko‘zyoshlar javob bergandek edi! Boshlovchi bularni ancha vaqt kuzatib turdi va so‘z boshladi:
- Ushbu psixologik testimiz orqali ko‘zingizga yosh keltirganimiz uchun uzr so‘raymiz. Bu bizning navbatdagi testimiz edi, lekin har safar savollarga faqatgina ko‘zyoshlar javob beryapti, javob varaqalari o‘zlaringizda qolsin esdalik uchun. Holbuki, bu sizga ibrat bo‘lsin, - deb kafedan chiqib ketdi.
Odamlardagi javob o‘rniga ko‘zyoshlarning sababi shu ediki: ular ota-onalari bilan birga yashamas, balog‘at yoshiga yetgach o‘z yo‘lini tanlab shu yo‘lda ortiga qaramay ketayotganlar edi.
Lekin bizning yurtda unday emas, ming bor shukr, barcha farzandlar ota-onalari bilan birga. Shunday bo‘lsa-da, yuqoridagi savollarni bir bor o‘zingizga berib ko‘ring, ishonamanki, siz albatta hamma savolga javob yozasiz...
Dadaxon Abdulhaqov.