Bo‘lgan voqea: Tugun
Eshik qiya ochilib kotibaning xiyol titroqli ovozi eshitildi.
- Rashid Hamidovich, telefonda rafiqangiz so‘rayapti.
U o‘ng yonida stolda turgan qator telefonlardan birining go‘shagini ko‘tardi.
- Allo!
- Dadasi, onajonimizdan ayrilib qolibmiz.
Sayyoraning hiqillab yig‘lagani eshitildi.
- Mahalla oqsoqoli qo‘ng‘iroq qildi, janoza kech soat beshda ekan...
Rashid Hamidovichning qo‘lidan go‘shak tushib ketdi, tok urganday qotib qoldi: “Onam, bechora mushtipar onaginam! O‘libdi! Nega, nega o‘ladi, soppa-sog‘ yurgandi-ku!?”
Padari buzukvori o‘qituvchi edi. Nafaqaga chiqqach, ko‘p o‘tmay yurak xastaligi xurujidan olamdan o‘tdi. O‘lim hammaning boshida bor. Bugunmi- ertami, inson bu dunyoni tark etadi. Boshiga tushgan musibatni yengishda Bashorat xolaga yolg‘iz o‘g‘li Rashid tayanch bo‘ldi. Ona o‘g‘lini ziyoli bo‘lib, ota kasbini davom ettirishini orzu qilardi. Rashid maktabni bitirib, ro‘zg‘or tebratishda onaizoriga yordam berish uchun ishga kirmoqchi bo‘lganida unga nasiat qildi.
- O‘g‘lim, mana, maktabni ham bitirding, bilimlaring sovumay turib, birorta o‘qishga kirsang bo‘lardi.
- Enajon, ro‘zg‘orni kim tebratadi, qiynalib qolasiz.
- Mendan xavotir olma, bolam, xudoga shukur hali kuydirib-pishirishga qurbim yetadi, nasib bo‘lsa o‘qisang, otang kasbini davom ettirsang, ruhi shod bo‘lardi rahmatlikning.
Rashid institutda o‘qiy boshladi. Yotoqxonda turar, har yakshanba uyga borganda onasi Bashorat xola bir haftaga yetgulik non yopib, mayiz, turshak, yong‘oq, jiyda bilan to‘rvaga solib berib yuborar, sut-qatiq sotishdan yiqqan pulini “Yo‘lkira qilasan”, deb qo‘liga tutardi.
Institutni bitirgach, taqsimot komissiyasi uni ikki yil muddatga ishlab kelish uchun olis viloyatlardan biriga jo‘natdi. Bu muddat Rashid uchun uzoqqa cho‘zilib ketdi. Xizmat pillapoyalardan tez yuqorilab bordi. Bilimdon, tirishqoq, odamoxun yigit tanish-bilish, yor-u birodarlar orttirdi, jamoatchilik mehrini qozondi. Uylandi, uyli-joyli bo‘ldi. O‘sha yerda tub qo‘yib palak yozdi. Bashorat xola avvaliga o‘g‘lini bag‘ridan uzoqda bo‘lishiga qarshilik qildi. O‘zga maskanga ko‘chib borishga esa rozi bo‘lmadi.
- Otangning arvohi chirqillab, chirog‘i o‘chishini istamayman, - deb ko‘z yoshi qildi. Keyin noiloj “Kelinim, nabiralarimni olib, yo‘qlab kelib tursang bo‘ldi, aylanay, qayerda bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin, besh kunligim bormi-yo‘qmi, diydoringga zor qilmasang bo‘ldi, bolam”, deya rozilik berdi. Avvaliga onasini hafta-o‘n kunda yo‘qlab turgan yigit Rashid Hamidovichda aylangach, bunga vaqt topolmay qoldi.
Kimsan, katta korxona boshlig‘i. Atrofida soyasiga salom berguvchilar, tongotar bazmi jamshid uyushtiruvchi laganbardor ulfatlar ko‘paydi. Bu unga xush yoqardi. U yo‘liga intizor ko‘z tikib, diydorini qumsovchi mushfiq onaizoriga pul jo‘natib turish bilan cheklanardi.
Rashid Hamidovich o‘tmish xotiralaridan dili vayron bo‘lib o‘rnidan turdi. “Janoza kech soat beshda dedimi?”. U soatiga qaradi, ertalabki o‘n bo‘libdi. Bemalol ulguradi.
Dafn marosimiga tumonat odam to‘plandi. Bashorat xola qishloqning kayvoni onasi edi, to‘y-ma’rakalarda ayolu erkakka bosh-qosh bo‘lib turardi. Qishloqdoshlar, qarindosh-urug‘, tanish-bilish, yor-u birodarlar qayg‘u bilan ta’ziya bildirishganda Rashidning yurak-bag‘ri ezilib ketdi. Tirikligida onasini unutib, kibr-havoga berilib, hatto qo‘ng‘iroq qilib ahvolini so‘ramaganidan afsuslandi. “Diydoringga mushtoq, so‘nggi nafasini olayotganida tashna labiga bir tomchi suv tomizishga yaramagan sen farzandmisan”. Rashid ta’ziya bildiruvchilar nigohida shunday malomatni tuyib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
Hamdardlik bildiruvchilar siyraklashgach, qo‘shnisi Sora momo Rashidni yoniga chaqirdi.
- Bandalikda, bolam. Senga Xudo sabr bersin. Jannati ayol edi, onang rahmatlik. Alloh oxiratini obod qilsin, omin!
Sora momo hamdardlik bildirgach, yonidan tuguncha olib Rashidga uzatdi.
- Bu nima, momo?
- Ol, bolam, onang senga berib qo‘yishimni vasiyat qilgandi. Sen yuborgan pullar. Diydoringga zor bo‘lib ketdi sho‘rlik, - Sora momo chorsusi uchi bilan ko‘z yoshlarini artdi.
- Ena, enajon! - Rashid yarador sherdek o‘kirib yubordi. Qo‘lidagi tugun tap etib oyog‘i ostiga tushdi.
Tog‘aymurod Shomurodov.