Bo‘lg‘usi hamshira va tibbiyotchi yigitlar yil davomida o‘rgangan bilimlarini amaliyotda ko‘rsatdi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Kattaqo‘rg‘on jamoat salomatligi texnikumining hamkorlik doirasida “Rektor va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda dastlab texnikumda tibbiyot universiteti bilan hamkorlik doirasida qilingan ishlar ko‘rgazmasi yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Texnikum direktori H.Shukurov mehmonlarni o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini tayyorlashda qo‘yilgan zamonaviy talablar, xalqaro andazalarga mos va ilmli kadrlar tayyorlash maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, laboratoriya, simulyasion o‘quv xonalar, ARM bilan tanishtirdi.
O‘quvchilar egallayotgan kasbi bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalarini trenajyor va manekenlarda bajarib, ta’lim jarayonida shakllanayotgan kompetensiyalarni namoyish etishdi. So‘ngra o‘quvchilar hamda pedagoglar bilan ochiq muloqot uyushtirildi. Muloqotda Samarqand davlat tibbiyot universiteti prorektori A.Kubayev yurtimizda oliy va o‘rta maxsus tibbiy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida gapirdi.
O‘quvchilar universitetda tahsil olish tartibi, kirish imtihonlari, grant asosidagi qabul ko‘rsatkichlari va boshqa savollarga javob olishdi.
J.Yusupov,
Abu Ali ibn Sino nomidagi Kattaqo‘rg‘on jamoat salomatligi texnikumi direktori o‘rinbosari.