Bo‘lg‘usi jurnalistlar uchun ilk stipendiya

Talabaligimizda universitetning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun nomdor stipendiyalar mavjud edi. Yaxshi o‘qiydigan, faol talabalarni rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yanayam yuqoriroq marralarni zabt etishi uchun tashkil etilgan bunday stipendiyalar talabalar uchun o‘ziga xos motivatsiya vazifasini o‘taydi. Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti qoshida tashkil etilgan jurnalistika bo‘limining biz kabi talabalari o‘sha paytlar nomdor stipendiya uchun harakatlarimiz besamar ketardi. Sababi, bo‘lg‘usi filolog mutaxassislar uchun Alisher Navoiy nomidagi stipendiya tashkil qilingan bo‘lib, asosiy da’vogarlar ham ushbu fakultetda tahsil olayotan talabalar edi. Nainki, biz, bir bo‘lim talabalari, hatto o‘sha paytlar O‘zbekiston Milliy universitetidagi jurnalistika fakulteti, keyinchalik poytaxtdagi jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari ham faqatgina Prezident stipendianti bo‘lish imkoniga ega edi, xolos.

Tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti talabalarining yutuq va muvaffaqiyatlarini kuzatib turibmiz. Ammo ularning iqtidorli talabalari uchun bunday imkoniyat yo‘q edi. Vaholanki, turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar uchun Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Alisher Navoiy nomidagi va boshqa stipendiyalar tashkil etilgan.

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida aynan shu masala tilga olindi. Endilikda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etiladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat Samarqand, balki mamlakatimiz miqyosida jurnalistikaga tamal toshi qo‘ygan ma’rifatparvar bobolarimizdan biridir. «Zarafshon» gazetasi tarixi ham bevosita Behbudiy nomi bilan bog‘langani uchun ushbu yangilik biz, soha egalarini yana bir karra quvontirdi.

Gulruh MO‘MINOVA,

«Yilning eng faol jurnalisti» respublika tanlovi g‘olibi.