«Bo‘lub ilmi hikmatda ustodi fan…»

Bu muqaddas zaminda ne-ne ulug‘ zotlar, allomalar o‘tgan. Ular dunyo tamaddunining beshigini tebratishgan, bashariyatni ilmu ma’rifat, yorug‘ kunlar sari yetaklashgan. Ularning tabarruk nomlarini yod etish biz tiriklarning vazifamizdir.

Professor Rahmatulla Qo‘ng‘urov (1933-1994) o‘zining ongli hayotini yaxshilikka, ezgulikka, insonlar manfaatiga xizmat qilishga, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan benazir insonlardan biri edi. Afsuski, hayotdan juda erta - 61  yoshida ko‘z yumdilar. Hayot bo‘lganlarida 88 yoshni qarshilagan bo‘lardi… Yaxshi niyatlar bilan voyaga yetkazgan va tarbiyalagan farzandlari va shogirdlarining xizmatlarini ko‘ra olmay ketganligi armon bo‘lib qoldi.

Uzun kechalarda xayol to‘lqini

Bostirib keladi guruh va guruh,

Kechalar qo‘lidan qochib, yulqinib,

Uchrab qolar shunda bir oromsiz Ruh.

Bu ne sir, ne hol bu, nima o‘zi bu?

Bilmayman, ko‘p og‘ir o‘yga tolaman.

Kimdir farog‘atsiz yashab o‘tganu

O‘shaning ruhi bu, demoq bo‘laman. (Muhammad Ali)

Asli forishlik bo‘lgan R.Qo‘ng‘urov Jizzax pedagogika bilim yurtini tugatgach, Samarqandga kelib dorilfununda tahsil olgan, uni imtiyozli diplom bilan tugatgan va bir umr shu qutlug‘ dargohda talabalikdan tortib professorlikkacha bo‘lgan shonli yo‘lni bosib o‘tgan murabbiydir. Domlaning 300 dan ortiq darsliklari, monografiyalari, o‘quv-metodik qo‘llanmalari, ilmiy-ommabop maqolalari bugungi mustaqillik sharoitida ham o‘zbek tili ilmini o‘rganishda asqotmoqda. U kishi tarbiyalagan farzandlar, shogirdlar mamlakatimiz ijtimoiy hayotining turli sohalarida, ayniqsa, ta’lim sohasida samarali xizmat qilmoqda.

Domlaning yaqinlaridan biri sifatida u kishi hayotligida yonida eng ko‘p birga bo‘lgan shogirdlaridan biri, balki mendirman. Ammo xotira yozishga hech qo‘lim bormaydi. Sababini anglash ham, tushuntirish ham qiyin. Ustoz olamdan o‘tganlaridan keyin u zotning xotirasiga bag‘ishlab Samarqand davlat universitetida 1998, 2003, 2008 yillarda respublika konferensiyalari o‘tkazildi. Anjuman yakunlariga ko‘ra nashr etilgan to‘plamlarda ham bir og‘iz fikr ayta olmadim.

O‘ylab qarasam, yoshimiz bir joyga borib qolgan bo‘lsa-da, hamon aziz insonlarim – otam va ustozimning tabarruk nomlari soyasida yashab kelayotgandayman. Shunisiga ham ming bor shukur. Chunki farzand uchun ham, shogird uchun ham ota-ona va ustozning tirikligida roziligi va duosini olmoq ulug‘ saodat ekanligini yurakdan his qilib yashayapman.

Domla bilan ko‘p suhbatlashardik, bu suhbatlarimiz asosan yo‘llarda, safarlarda bo‘lardi. Turli mavzularda gaplashganmiz. Tabiiyki, ba’zan suhbatlarimiz ilm ahli, hamkasblarimiz to‘g‘risida bo‘lardi. Domla biz shogirdlari uchun hamisha tashvishda edilar, ertamizni o‘ylar, farzandlaridan kam ko‘rmas edilar.

Agar ustoz tirik bo‘lganlarida edi, farzandlar va shogirdlar kamolini ko‘rib quvonarmidi… Bizlar ham necha yillarni dovdirab, samarsiz o‘tkazmasmidik. Yanayam, Alloh bilguvchidir…

Ustoz R.Qo‘ng‘urov o‘zbek tilining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqotlar olib borish bilan birgalikda o‘nlab fan nomzodi va doktori darajasidagi shogirdlar ham tayyorladi. Tilshunoslik ilmining eng qiziqarli yo‘nalishlarida yosh avlodga ta’lim berdi. Olimlar orasida juda kamdan-kamlargagina nasib etadigan «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi», degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi. Samarqand stilistika maktabiga asos soldi.

Unvonlar ham balki o‘z yo‘ligadir. Ammo domla «INSON» degan buyuk unvonga loyiq bo‘lib yashadi, tog‘liklarga xos mag‘rur hayot kechirdi, hayotda ham, ilmda ham o‘z so‘zini aytib ketdi. Bu so‘z hali farzandlari, shogirdlari va qoldirgan ilmiy merosi misolida ko‘p yillar jaranglab turadi.

Aytishlaricha, ikki buyuklik – Alloh va ruh abadiydir. Bugun nafaqat ustoz, balki piru murshid maqomida bo‘lganligini e’tirof etayotganim Rahmatulla Qo‘ng‘urovning pokiza ruhlari ham abadiy va biz yaqinlari uchun hamisha azizdir.

Suyun KARIMOV,

professor.