“Bor narsa hech qachon yo‘qolib ketmaydi, balki bir turdan ikkinchisiga aylanadi”

Fizikadagi ushbu qonun va bu fanning zamonaviy rivojlanishi uchun astoydil izlanish olib borayotgan talaba bejiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lmaganini isbotlamoqda.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak ”, degan edi. Shu bilan birga fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish, deb belgilashni taklif qilgandi.

Haqiqatan ham yoshlarning yuqori marralarni zabt etishi, bilimlarni puxta egallashi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishi uchun fizika fani sirlarini puxta o‘rganishlari, ingliz tilini ham mukammal o‘zlashtirishi talab qilinadi. Samarqand davlat universiteti talaba-yoshlari ham o‘zlarining intiluvchanligi, xorijiy tillarni bilishi bilan ko‘plab yutuqlarga erishayotganini e’tirof etish lozim.

Mana shunday iqtidorli talabalardan biri fizika fakulteti 4-kurs talabasi Aziza Qahhorovadir. 

Aziza Samarqand shahridadagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oldi. Maktabda o‘qib yurgan kezlaridanoq, fizika va matematika fanlariga qiziqib, fan to‘garaklarida faol ishtirok etdi. Azizaning fizika faniga bo‘lgan ishtiyoqi uni 2017 yilda Samarqand davlat universiteti fizika fakultetiga o‘qishga kirishga sababchi bo‘ldi. U o‘qishi davomida fizika fanining sir-asrorlarini mukammal o‘rganishga bel bog‘ladi. Ilmiy-tadqiqot ishlarida ham faol qatnashdi, ustozlaridan o‘rganib, bilimlarini mustahkamladi. U ikkinchi bosqichdan buyon yadro fizikasi va astronomiya kafedrasining iqtidorli talabasi sifatida  kafedra mudiri R.Eshbo‘riyev ilmiy rahbarligida radiatsion ekologiya va yadro energetikasi sohasida tadqiqotlar olib bormoqda.

Samarqand viloyati tuproqlarida tabiiy va texnogen radionuklidlarning migratsiya xususiyatlari, O‘zbekistonning sug‘oriladigan maydonlari tuproqlarida radiatsion aktivlik holati, O‘zbekiston atmosfera havosi tarkibida radon gazining taqsimoti, seziy-137 va stronsiy-90 texnogen radionuklidlarining tuproqdagi migratsiyasi, tabiiy radionuklidlarning gorizontal va vertikal migratsiyasini o‘rganish mavzularida nufuzli xorijiy jurnallarda o‘nga yaqin ilmiy maqolalar chop etib, respublika ilmiy konferensiyalarida ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Aziza Qahhorova o‘qishdagi va ilmiy-tadqiqot sohasidagi yutuqlari evaziga 2020/2021 o‘quv yilida talabalar o‘rtasida tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘ldi.

U hozirda  radiatsion ekologiya va eksperimental yadro fizikasi sohasida kafedrada olib borilayotgan ilmiy ishlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Aziza nafaqat ilmiy izlanishlari, balki madaniyati, iqtidori, bilimi va harakati bilan boshqalarga o‘rnak. Rus va ingliz tillarida erkin muloqot qila oladi. Yurtboshimiz aytganidek, fizika va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan yoshlarimiz kelajakda yuqori marralarni egallashi, vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz. Mana shunday talabalar safi kengayishida Azizaga o‘xshagan intiluvchan yoshlarimizning har jihatdan ibrati juda muhim. 

Asliddin Norqulov.