Samarqanddagi maktablarda fizika fani kengroq o‘qitiladi

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab Samarqand viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida fizika fani kengroq o‘qitiladi. Jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch o‘quv rejada belgilangan o‘quv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan o‘tiladi.

Bu haqda viloyat hokimining 2021 yil 24 martdagi 53 –Q–sonli qarorida belgilandi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 martdagi “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5032-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida bo‘lib, unga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvarga qadar viloyatda bitta “Barkamol avlod” bolalar maktabida “STEM” fizika klubi tashkil etiladi.

Ma’lumot o‘rnida yana shuni aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan Samarqand davlat universiteti tuzilmasida fizika sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi “Samarqand davlat universitetining muhandislik fizikasi instituti” tashkil etiladi. Shuningdek, universitetga fizika fani falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etildi.