Bor-yo‘g‘i 30 kunda 30 kishi "avariya"dan halok bo‘lgan

Bu viloyat ichki ishlar boshqarmasi YHXB boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozovning xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida bergan hisobotida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, iyun oyida sodir etilgan 72 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan, 87 kishi tan jarohati olgan.
"Avariya"larning sabablari va boshqa tahlillar kishini chuqur o‘yga toldiradi.
Negaki, yo‘l-transport hodisalarining 25 tasi 30 yoshgacha, 34 tasi 31-40 yoshgacha haydovchilar tomonidan sodir etilgan.
Yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari o‘rganilganida:
- 12 tasi haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikka rioya etmasligi;
- 8 tasi haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi;
- 7 tasi haydovchilarning tajribasizligi;
- 3 tasi haydovchilar tomonidan svetofor va yo‘l belgilariga rioya qilinmaganligi;
- 6 tasi to‘siqlar o‘rnatilmaganligi sababli haydovchilarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqishi;
- 15 tasi piyodalar va velosipedchilar xavfsiz harakatlanishi uchun yo‘lakchalar yaratilmaganligi;
- 9 tasi piyodalar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda belgilanmagan joydan harakatlanib o‘tganligi;
- 5 tasi piyodalar o‘tish joyi yaratilmaganligi sababli belgilanmagan joylardan o‘tish oqibatida sodir etilgan.
Shuningdek, 4 ta yo‘l-transport hodisasi bolalar qarovsiz qoldirilganligi, 3 tasi mast holatda transport vositasini boshqarish oqibatida yuz bergan.