Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasida o‘qimoqchimisiz?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2018 yil 14 sentyabrdagi 201-son buyrug‘i bilan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra akademiya magistraturasiga qabul teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshirilishi, tanlov “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori hamda iqtisodiyot va sanoat vazirining 2019 yil 29 apreldagi qo‘shma qarori asosida 2019-2020 o‘quv yilida Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga quyidagi 3 ta mutaxassislik bo‘yicha jami 30 ta qabul kvotalari tasdiqlangan:
1) prokurorlik faoliyati – 10 (6 ta davlat granti, 4 ta to‘lov kontrakt);
2) tergov faoliyati – 10 ta (6/4);
3) korrupsiyaga qarshi kurashish mutaxassisligi – 10 ta (6/4).
Bunda ochiq tanlov bo‘yicha kvotalar soni 15 ta (shundan davlat granti asosida 3 ta (har bir mutaxassislikda 1 tadan), to‘lov kontrakt asosida 12 ta) ni tashkil etadi.
Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga hujjat topshirish istagi bo‘lganlar 2019 yil 1 iyulga qadar Samarqand viloyat prokuraturasi kadrlar bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.
Samarqand viloyati prokuraturasi kadrlar bo‘limi.