Tilla konida bir kun yoki yer qa’ridagi mo‘’jiza

Navoiy kon-metallurgiya kombinati axborot xizmati tashabbusi bilan bir guruh jurnalistlar Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan kon-shaxtalar, 4-gidrometallurgiya zavodida bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallab kelyapti. Keyingi yillarda Qizilqum sahrosida amalga oshirilgan umumiy qiymati 3 mlrd. AQSh dollari bo‘lgan 24 ta yirik loyiha amalga oshirilgani O‘zbekiston kon-metallurgiyasi tarixida yangi sahifa ochdi. Joriy yilning o‘tgan yarim yilligida 60,8 trln. so‘mlik sanoat mahsulot ishlab chiqargan ellik ming kishilik jamoaning kelgusidagi marralari yanada ulkan. Shu bilan birga, Qo‘shrabot va Nurobod tumanlarida kombinatning bo‘linmalari faoliyat olib borayotgani viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ham muhim ahamiyatga ega.
- Biz, ijodiy faoliyatimizda konlar, metallurgiya sanoati korxonalarida bo‘lmaganmiz. Bu mavzuga birinchi qo‘l urishimiz. Shu bois, bu biz uchun juda qiziq, hayajonli va hayratli, - deydi jurnalist Nozigul Rustamova. - Ijodiy safarimiz davomida ishlab chiqarish jarayonlari, konchi-shaxtyorlar faoliyatini tasvirga olish uchun bir necha 100 metr yer qa’riga tushdik. Ana sizga mo‘’jiza! Tubsiz yer ostida ham xuddi tepadagi kabi ma’dan qazish, transportlar tashish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Lekin, mashaqqatli va murakkab. Soha fidoyilari bu qiyinchiliklarni jasorat, matonat bilan yengib, halol mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shayotganidan quvondik. Kombinat mutaxassislari kuchi bilan 11 oyda qurilib, 2010 yilda ishga tushirilgan 4-gidrometallurgiya zavodi, “Zarmitan”, “G‘ujumsoy” konlari, Zarkentdagi o‘zgarishlarning har biri alohida mavzu. Chunki, kon boshqarmasining 60 yillik faoliyati, soha ilg‘orlari va qahramonlari haqida oddiy ko‘rsatuv emas, to‘liq metrajli filmlar, asarlar yaratsa arziydi.
Jurnalistlar ana shunday qizg‘in jarayonlar bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish korxonalari, mashaqqatli kasb egalarining zahmatli mehnatlari haqida boy taassurotlarga ega bo‘lishdi.
- Hamkorlik bahona samarqandlik bir necha ijodkorlar bilan tanishdik, - deydi Janubiy kon boshqarmasi axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari Dildora Atabayeva. - Ular korxonalarimiz haqida eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan maxsus ko‘rsatuv tayyorlash istagida ekanliklarini eshitib, butun jamoamiz juda xursand bo‘ldi. Ishonamanki, bunday hamkorlik kelgusida ham davomli bo‘ladi.