30 ming yilga ozodlikdan mahrum etilsin!

Eng uzoq muddatli qamoq jazolari

Ozodlikdan mahrum etilishning bunday bema’ni muddatlari haqida eshitgan kishida darhol “Nega jinoyatchini umrbod qamoq jazosiga mahkum qilmasdan, bunday g‘alati raqamlar o‘ylab topish kerak bo‘ldi ekan”, degan savol tug‘iladi.

Aslida bu sudning xatosi emas. Ba’zi mamlakatlarda, masalan, AQSh qonunchiligi uzoq qamoq muddati va hatto bir nechta umrbod qamoq jazolariga hukm etishga ruxsat beradi. Bu tajriba jinoyatchining hech qanday sharoitda ozodlikka chiqish imkoniyati bo‘lmasligi uchun qo‘llanilib kelinadi.

Har bir o‘ldirilgan odam uchun ming yil

"Ginnesning rekordlar kitobi"ga kiritilgan muddat 1994 yilda Amerikaning Oklaxoma shtatida 30 ming yillik qamoq jazosiga hukm qilingan amerikalik Charlz Skott Robinsonga berilgan. Dahshatli jinoyatlarni sodir etgan Robinson bir necha yil davomida yosh bolalarni o‘g‘irlab, zo‘rlab kelgan.

Shuning uchun suddagi hakamlar hay’ati ablahga har bir isbotlangan oltita jinoyati uchun 5 ming yildan qamoq jazosi berishni so‘radi. Sudya bahslashmadi, har bir jazo muddati ketma-ketlikda o‘tashi shartligi alohida ta’kidlandi va Robinson 30 ming yilga "kesildi". Panjara ortidan chiqish imkoniyati yo‘q bu jinoyatchi hamon qamoqda.

Ishim qayta ko‘rib chiqilsin!

Oklaxoma shtatidagi ko‘p qirrali jinoiy ikkilikning ham qamoqdan chiqishi deyarli imkonsiz. Darron Anderson va Allan MakLaurin talon-toroj, qotillik va zo‘rlash kabi jinoyatlarni sodir qilib kelgan.

1994 yilda sud ular "faoliyati"ni turli xil qamoq jazolari bilan baholadi. Anderson 2200 yil, MakLaurin esa 4275 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Shunda MakLaurin g‘azablanib, ishini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab shikoyat yoza boshladi. Natijada, uning ishi jazo muddatining 21250 yilgacha oshishiga olib keldi.

Har bir cho‘ktirilgan xat uchun 9 yil

Gap 384 ming 912 yil qamoq muddati haqida ketyapti. Bu jinoyatchi zo‘rlash, qotillik yoki odam o‘g‘irlash kabi jinoyatlar qilgani yo‘q... U bor-yo‘g‘i 42 ming oddiy pochta konvertlardagi xatlarni yo‘q qilib yuborgan.

Yosh ispaniyalik Gabriyel Grandos pochtachi vazifasini bajarishga juda dangasaliq qilib, jo‘natmalarning bir qismini dengizga uloqtirib yubordi. Ispaniyada qonunlar o‘ta qattiq bo‘lib, 1 hujjatni qasddan buzganlik uchun 9 yil qamoq jazosi berilishi mumkin.

Shunday qilib, jinoyatchi yo‘q qilingan har bir xat uchun to‘lasincha jazo oldi. Aniqrog‘i, bunday muddat prokuror tomonidan so‘ralgan. Sud 22 yoshli galvarsga rahm qilib, uni 14 yilga temir panjara ortiga yubordi. Shuning o‘zi ham kam emas.