Ruldagi mas’uliyat: Tezlik emas, qonun ustuvor bo‘lsin!

Avtomobil insoniyatning eng buyuk ixtirolaridan biri. U bizga tezlik, qulaylik, erkin harakat va yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bir paytlar oqilona boshqarganimizda u farovonlik va taraqqiyot ramzi edi. Ammo bugun-chi? Bugun u tirbandliklar sabab, bizning vaqtimizga so‘rib olayotgan “temir qamal”ga aylanib qolmoqda.
Tirbandlik
Yirik shaharlarning har kungi manzara: to‘xtab qolgan mashinalarning cheksiz qatori, uzun-yuluq signal tovushlari, toqat sinoatidagi haydovchilarning asabiy yuz ifodalari... Bu hol kuniga taxminan bir–ikki soatgacha cho‘zilishi mumkin. Bu esa haftada 14 soat, oyda 56 soat, yilda esa 672 soat, ya’ni deyarli 28 kun degani. Demak, tirbandliklar yiliga bir oylik umrimizni “yeb qo‘yishi” mumkin ekan.
9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtdagi tirbandlik masalasiga to‘xtalib, o‘zi ham shu muammoga duch kelgani haqida gapirib o‘tdi.
«O‘tgan shanba-yakshanba kuni o‘zim rulda yurib keldim. U yo‘llarda rulda kimligini hech kim bilmaydi, men ham 15–20 daqiqa tirbandlikda turdim, turgandayam yaxshilab turdim. Toshpo‘latov (Ichki ishlar vaziriga qarata), to‘g‘rimi? Rulda menligimni hech kim bilmasdi, hamma bilan turdim, nima qilaman? Ko‘chaga chiqib, ey, yo‘lni ochib ber, deb baqirmayman-ku. El qatori keldik», – dedi Prezident.
Davlat rahbari odamlar shunday muammo tufayli uyga juda kech qaytayotgani va bu kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatayotgani haqida gapirdi.
«El qatori mashina bilan turdim. O‘tib bo‘lganimdan keyin vazirga telefon qildim. Sen o‘zing kelib o‘tgin qani. Odamlar kechasi uyiga qaytib kelyapti, kayfiyati yomon tomonga o‘zgaradimi yo o‘zgarmaydimi? Bitta masala, to‘rtta tasmali yo‘l bilan ko‘prikka kelib, u ikki tasmali bo‘lyapti. Albatta, u shunday bo‘ladi-da. Buni qilsa bo‘ladimi, yo‘qmi? Bemalol, qilsa bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev. Prezident tegishli mas’ullarga bu muammoni hal qilish topshirig‘ini berib, keyingi, hayot-mamot masalasiga, kundan kunga qurbonlari soni oshib borayotgan yo‘ldagi avariyalar mavzusiga ham alohida e’tibor qaratdi.
“ O‘tgan yili 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan. Eng achinarlisi, avariyalar tufayli 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida. Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni yuqoriligicha qolmoqda. Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”, - dedi Prezident.
Albatta, bu fojialarning ortida ko‘pincha insonning o‘zi, aniqrog‘i, mas’uliyatsiz haydovchilarning qo‘li bor. Bu halokatlar belgilangan tezlikni oshirish, masofani saqlamaslik, yo‘lda telefondan foydalanish, charchoq holda rulga o‘tirish va hatto mast holda haydash - bularning barchasi faqat haydovchi uchun emas, balki atrofidagi yuzlab odamlar uchun ham xavf manbai. Aslida yo‘l - bu javobgarlik maydoni. Rulga o‘tirish, bu faqat mashinani emas, balki o‘zi va boshqalarning taqdirini vaqtincha “qo‘lga olish” degani. Ammo ayrim “uchar” haydovchilarning "Menga hech narsa bo‘lmaydi", degan befarqligi, "Tezroq yetib olishim kerak", degan shoshma-shosharligi oqibatida yuqoridagi kabi qo‘rqinchli raqamlar ortib bormoqda.
Rivojlangan mamlakatlarda haydovchi kim bo‘lishidan qat’iy nazar tasma taqib, keyin harakatlanadi. Mashina boshqarishda qoidalarga e’tibor beradi. Bizda esa shu tasmani taqqan yo qoidaga rioya qilgan - lallayganu, olddagini quvib o‘tib tez haydagan, svetofordan o‘tib ketishga ulgurgan - uddaburon, degan teskari tushuncha bor, harqalay aksariyatida shu dunyoqarash. Taassufki, bugun katta yo‘llarda ham shundaylar ko‘pchilik. Qoidaga rioya etib, belgilangan tezlikda sekin harakatlanib ko‘ring-chi, yondan siqib, quvib o‘tib, kamiga ishorali tanbeh ham berib ketadi. Ba’zan to‘rt «polosa»li yo‘lda ham, chetda piyodalar harakatlanyaptimi, biror mashina to‘xtab turibdimi yoki ko‘prik ustida harakatlanyapsizmi, farqi yo‘q, ular faralarini yoqib-o‘chirib, yo‘l ber deb tahdid qilgani-qilgan. Shu o‘rinda haydovchilarda bir yomon odat borki, (ayniqsa, uzoq masofaga qatnovchilarda) mashina harakatlandi, deguncha go‘yoki “vaqtni o‘ldirish” uchun ermakka telefonni qo‘lga oladi, bu ularni ruldan chalg‘itmay qolmaydi, ba’zan beton to‘siqqa qarab ketib qoladi. Bu ular uchun oddiy holdir, lekin yonidagi yo‘lovchini yuragini taka-puka qilishi aniq. Ba’zi yosh haydovchilar esa o‘ta ta’sirchan. Rulga o‘tirdimi, musiqani baland qilib, o‘shaning ta’siriga tushadi, mashina boshqaruvi ham o‘sha ritmga moslashadi, yo‘ldagi chuqurlarni «terish» ilinjida qarama-qarshi yo‘nalishda ham harakatlanaveradi. Qarshisida mashina ko‘rinsa ham chetga qochishga unchalik shoshilmaydi. Go‘yoki «shumaxer» obrazida. Afsuski, biror hodisa yuz bersa, eng avvalo, jabrdiyda yo‘lovchi bo‘lib qoladi. Aksariyat holatlarda haydovchi avariya vaqtida himoyalanib qoladi. Ko‘pchilik hodisalar ham buni tasdiqlaydi. Yo‘ldagi ba’zi haydovchilarga xos oliftagarchilik, hovliqish, kibr ortidan keluvchi falokat jabrini oddiy yo‘lovchi tortadi. Biror hodisa yuz bermagan taqdirda ham yuqori tezlik, ba’zi qo‘rqinchli holatlar oqibatidagi stress yomon kasalliklarga olib kelmaydi, deysizmi? Katta yo‘lda aksariyat qoidabuzarlar yuqori tezlikda harakatlanadi. Qayerda radar bor, ko‘chmalari qayerga o‘rnatilgan, hammasidan xabardor bo‘lib turadi. Ularda o‘zaro tizimli aloqa mavjud.
Qonun barcha uchun barobar lekin, jarimalar-chi?
Jahon amaliyotida bu orada choralar qat’iy, ba’zi davlatlarda jarima miqdori haydovchining daromadidan kelib chiqib qo‘llaniladi. Finlandiya va Daniyada tezlikni oshirganlik uchun jarimaning maksimal miqdori cheklanmagan. Bu mamlakatlarda jarima qoidabuzarning yillik daromadidan kelib chiqib olinadi. Buyuk Britaniyada esa bizdagi kabi tezlik qanchaga oshirilganiga qarab jarima miqdori ham kattalashadi. Qoidabuzarlik kameralar orqali qayd etiladi va inglizlar, odatda, 100 dollarlik jarima bilan qutuladilar. Ammo tezlik belgilangandan ancha yuqori bo‘lsa, jarima nihoyatda katta bo‘lishi ham mumkin. AQShning Virjiniya shtatida ham tezlik me’yoriga talab qat’iy qo‘yilgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 15 km/s.ga tezlikni oshirganlik uchun 2 ming 500 “ko‘k”idan sanab berishga to‘g‘ri keladi. Darvoqe, ba’zi shtatlarda tezlik juda oshirib yuborilsa, qamoqqa tushish ham hech gap emas. Fransiya, Shveysariya, Italiyada ham “uchar”larni yoqtirmaydi. Bu yerda tezlikni yuqori darajada oshirganlik uchun 2 ming 100 yevroga tushish mumkin. Portugaliyada yo‘l politsiyasi mobil bankomatlar olib yuradilar – jarima joyining o‘zida undiradi. Agar to‘lanmasa, mashina boshqaruviga qo‘yilmaydi.Tezlikni oshirganlik uchun jarima 1 ming 800 dollar turadi.
Avstraliyaning shaharlarida ham kameralar hech kimni tinch qo‘ymaydi va tezlikni oshirganda 850 dollar bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi. Germaniya, hatto Shumaxer vatanida ham tezlik cheklangan joylarda qoidabuzarlarni 623 yevrolik jarima va haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lish oqibati kutadi. Qonunlar qat’iyligi yoki cho‘ntakni “o‘pirib” ketadigan bunday jarimalar sabab, ehtimol, bu mamlakatlarda velosipedda yurish urf bo‘lgandir.
Bizda, shubhasiz, tezlik uchun jazo muqarrar. Jarimalar to‘lovi ko‘pchilikni cho‘chitadi, hushyor bo‘lishga undaydi, lekin ayrim serdaromad shaxslar uchun bunaqa chiqimlar hech gap emas edi. Biroq endi ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan “jarimani to‘ladim – demak, xohlaganimni qilaman” tushunchasiga chek qo‘yiladi.
Endilikda Prezident tashabbusi bilan “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi harakatlanish, chiroqning qizil rangida o‘tish bir oy ichida 2 marta sodir etilsa yoki tezlik 5 marta oshirilsa – 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa – 6 oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Shuningdek, tezlik uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqib, me’yordan 2-3 karra tez yurganlarni haydovchilik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi. Shu asnoda tizimli nazorat, shaffof mablag‘ taqsimoti, raqamlashtirish va madaniy yondashuv kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, tezlikka moyil “uchar”larni jilovlab, yuz berayotgan yo‘l halokatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Jazo emas, bilim orqali
Mashina rulidagi haydovchining harakati, bu o‘sha shaxsning madaniyati yuzini ko‘rsatadigan indikatordir. Ba’zilar qoidalarni buzishni "erkinlik", "mardlik", hatto "mahorat" deb biladi. Aslida esa bu kabi qarashlar inson hayotini tahdidga soluvchi eng xatarli illatdir. Haydovchilik madaniyatini shakllantirish - qonun qabul qilish yo jazo vositasida emas, bilim orqali o‘rgatilsa yanada barqaror va samarali bo‘ladi.
Albatta, yo‘ldagi har bir harakat, bu faqat qoidalarga emas, avvalo, tarbiya va madaniyatga ham bog‘liq. Shu bois, yo‘l harakati madaniyatini shakllantirishni maktabdan boshlash - kelajakdagi halokatlarning oldini olish demakdir. Chunki insonning hayotga, qoidalarga, jamiyatga bo‘lgan munosabati aynan maktabda shakllanadi. Bolalarga yo‘l belgilari, piyodalar va haydovchilar huquqlari, xavfsizlik qoidalari haqida mulohazali darslar o‘tilsa, ular bu bilimni hayot tarziga aylantiradi. Qoidalar asosida shakllangan ongida, yo‘llarda mas’uliyatli avlod vujudga kelishining asosi bo‘ladi. Shu asnoda yosh avlod ongida “shumaxer” obrazi emas, “namunali haydovchi” fenomeni vujudga keladi.
Shuhrat Normurodov.