Bo‘sh qalbni hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi...

Fozil Iskandarning hayot to‘g‘risidagi iqtiboslari 

Yozuvchi, jurnalist, shoir va jamoat arbobi Fozil Iskandar tirikligida klassik deb e’tirof etilgan. Yozuvchi asarlari asosida filmlar suratga olingan, spektallar sahnalashtirilgan. Iskandarning kitoblari Yevropaning barcha tillarida o‘qiladi.

Mohir so‘z ustasi hech kimga o‘xshamaydigan, o‘ziga xos nozik hilqatga ega edi. Uning juda oddiy, biroq chuqur ma’noga ega hikmatli iboralari kishini o‘ziga maftun qiladi:

* ... Bo‘sh qalbni hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Ruhning bo‘shligi biz uchun noma’lum bir hodisot.

* Chirkin odam o‘z hidini sezmaydi.

* Badavlat kishi boridan ayrilib qolsa, u yana qirq yil o‘zini boylardek his qiladi. Tilanchi boyib ketgudek bo‘lsa, u o‘zini yana qirq yil tilanchidek tutadi.

* Hasad – idrok ko‘zlaridagi qora bog‘ich.

* Baxtli bo‘lish uchun insonda yana bir imkoniyat bor – bu birovning baxtidan quvonish qobiliyati. Negadir, kattalar kamdan-kam hollarda bu mahoratni saqlab qolishgan.

* Birovga hasad qildingmi, demak, uning sendan ustunligini tan olding.

* Ba’zida odamlar jamoadagi qo‘lansalikni ruhiy birlik, deb bilishadi.

* Inson halol bo‘lishi kerak, bu har qanday sharoitda va har qanday hokimiyat ostida bajarilishi mumkin. Halollik qahramonlikni talab qilmaydi, u pastkashlikda ishtirok etmaslikni ko‘zlaydi.

* Oddiylik – bu shak-shubhasiz ichki mukammallik hissidir.

* O‘qimishlilik – bu o‘qilgan kitoblar soni emas, balki tushunilganlari.

* Agar televizor buzilib qolsa, hamma uni tuzatishga shoshiladi. Lekin hech kim televizordan shikastlangan miyalarni tuzatishga shoshilmaydi.

* Donishmandlik – vijdon bilan sug‘orilgan aql.

* Haqiqiy erkak – bu donishmandlik, mardlik va rahmdillik. Haqiqiy ayol shunaqaki, u uchun erkak donishmand, mard va rahmdil bo‘lishga intiladi.

* Afsuski, qo‘rqoqlikning qiymati yolg‘on bo‘rttirib ko‘rsatilgan bir paytda jasorat ko‘pincha hayot hissining qadrsizlanishi oqibatiga aylanib qolmoqda.

* “G‘alaba” so‘zini suiiste’mol qilmang... Men uni “yengib chiqish” so‘zi bilan almashtirgan bo‘lardim. “G‘alaba” so‘zida menga ahmoqona xitob zarbasi eshitiladi.

* Agar donishmandlik ezgulik qilishga ojiz bo‘lsa, u faqat qo‘lidan kelganini qiladi – yomonlikning yo‘lini uzaytiradi.

* Kamtarlik kamtarona bo‘lishi kerak. O‘ta ko‘zga tashlanadigan kamtarlik esa botiq surbetlikdir.

* Tarbiyaning qadri shundaki, aslida tarbiyaga muhtoj bo‘lmagan kishilar tarbiyaga oson beriladi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.