Bo‘sh turgan to‘yxonalar faoliyatini o‘zgartira oladimi?

To‘y-marosimlarni tartibga solish, ularni kamchiqim, isrofgarchiliksiz o‘tkazish yuzasidan yillar davomida astoydil kurashib kelinmoqda. Masalan, bundan bir asr muqaddam Mahmudxo‘ja Behbudiy “Bizni kemiruvchi illatlar” maqolasida hashamatli to‘y va ta’ziyani millatni xonavayron va g‘arib etguvchi “qattol dushman”ga qiyoslagan.

Undan keyingi yillarda ham to‘ylar haqida ko‘pdan-ko‘p chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, o‘tgan asrning saksoninchi yillarida viloyat hokimligi va “Zarafshon” gazetasi tahririyati haddan oshib ketgan to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish, ichkilikbozlikning oldini olish borasida tashabbus ko‘rsatib “To‘y, to‘ychi, to‘yxo‘r” rukni ostida turkum maqolalar e’lon qilgandi. Bu tashabbus qaysidir ma’noda yuqori tashkilotlar tomonidan ma’qullangan ham edi. Tashabbus qandaydir darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, tartib-qoidaga amal qilmagan to‘ychi-yu uni o‘tkazishga xizmat ko‘rsatgan to‘yxona sohiblariga nisbatan jiddiy chora ham ko‘rilib, to‘ylar tartibga tushib qolgandek bo‘luvdi. Lekin bu yuzasidan me’yoriy hujjatlar yo‘qligi, nazoratning sustligi oqibatida to‘ylar ham, ular bilan bog‘liq turli marosimlar ham yana eski o‘zaniga tushib qoldi. Qaytaga, to‘yxonalar qurish, barpo etganda ham kim-kimdan o‘zadigan qilib qurish avjiga chiqdi. Oqibatda nafaqat shaharlarda, balki qishloq joylarida ham hashamatli to‘yxonalar qurish “poygasi” boshlandi.

Bu “poyga”da kim g‘olib yoki kim mag‘lub bo‘ldi bilmadig-u ular shunday ko‘paydiki, sanab adog‘iga yetish qiyin kechdi. 300 kishidan tortib 1000 kishini “bag‘riga” sig‘dira olish imkoniga ega bu to‘yxonalar nafaqat “zebo” ko‘rinishi, balki yeb-ichish, isrofgarchilik, aroqxo‘rlik va elimiz urf-odatlariga mutlaqo yot bo‘lgan boshqa qo‘shimcha rasm-rusumlar makoniga aylandi.

Falakning aylanishini qarangki, 1-2 yil ichida yuqorida aytgan holatimiz tarixga aylandi. Uni dastlab Oliy Majlis palatalari qarori tartibga solgan bo‘lsa, karantin dabdabalarga butunlay chek qo‘ydi.

Shundan keyin shahar va qishloqlardagi barcha to‘yxonalar eshigiga qulf tushdi. Mazkur qoida-tartibga hamda sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilgan to‘yxonalar esa bundan mustasno. Viloyat davlat soliq boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyat shahar va qishloqlarida 334 ta to‘yxona va restoran mavjud. Bu to‘yxonalarning deyarli barchasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bunday deyishimiz ehtimol noto‘g‘ri bo‘lar. Chunki endi dang‘illama, hayhotdek binolarga ehtiyoj sezilmaydi. Fuqarolarimizning ixcham to‘ylar o‘tkazishga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarmoqda. Dabdabali to‘y o‘tkazishni yoqlamaydi. Lekin bu oson emas. Chunki yangi ko‘nikmani asrab qolish faqat to‘y qiluvchilarning, ya’ni siz-u bizning dunyoqarashimiz, ma’naviy didimizga bog‘liq.

Xo‘sh, endi bu to‘yxona-yu restoranlar nima bo‘ladi?

Bu savolga javob topish maqsadida Samarqand shahridagi bir qator to‘yxona va restoranlarda bo‘ldik. Ulardan olinadigan javob deyarli bir xil bo‘ldi: «Kutyapmiz». Kimni, nimani? Bu ham mavhum, bir jumboq.

Bizningcha, endi kutishga hojat qolmaydi. Endi osmondan chalpak ham yog‘maydi.

Sinovli kunlar o‘tar, hayot bir maromda davom etar. Lekin to‘yxonalarda gumburlatib, son-sanoqsiz odamlarga osh-non berib to‘y qilishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunday ekan, to‘yxona va restoranlar sohiblari hozirdanoq bunga tayyorgarlik ko‘rishlari zarur bo‘ladi. Bu borada ba’zi takliflarimizni bildirmoqchimiz.

Birinchidan, to‘y-hashamlarni o‘tkazishda band bo‘lgan tadbirkorlarga o‘z faoliyatini boshqa yo‘nalishda boshlashi uchun imkoniyat yaratish.

Ikkinchidan, ulkan to‘yxonalar negizida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi, olaylik, pedagog kadrlarni kasbga qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, yoshlar uchun madaniy hordiq chiqarish maskanlari, ijtimoiy-madaniy muassasalarni yuzaga keltirish mumkin.

Uchinchidan, bunday tadbirkorliklarga majburlash yo‘li bilan emas, balki soliqdan imtiyozli kreditlar taqdim etish yo‘li bilan o‘tish lozim.

To‘rtinchidan, katta-katta to‘yxonalarni qurish uchun ozmuncha mablag‘ sarflanmagan, albatta. Biz taklif qilmoqchi bo‘lganimiz, ushbu restoranlar negizida xorij tajribasidan kelib chiqib, shahrimiz mehmonlari va chet el sayyohlari uchun kecha-yu kunduz faoliyat ko‘rsatadigan mini barlar, sovg‘alar do‘konlari ochish zarur. Shu yo‘l bilan xarajatlarni qoplash mumkin.

Beshinchidan, loyihachi, arxitektorlar-u buyurtmachilar endi katta-katta to‘yxona va restoranlar qurishni o‘ylab ko‘rishlari kerak bo‘ladi.

Xullas, ana shunaqa gaplar.

Adham HAYITOV,

«Zarafshon» muxbiri.