Boshiga do‘ppisi yarashgan elning Navro‘zi

Past Darg‘om tumanining Elbek mahallasida Navro‘z tantanalari o‘tkazildi.

- Tumanimizning aksariyat qishloqlarida qadimda qizlar turmushga chiqishdan avval albatta yoshi ulug‘lar qo‘li ostida kelinlik do‘ppilarini tikishgan, - deydi Past Darg‘om tumani mahallabay ishlash markazi rahbari Tohir Qosimov. - Chunki bunda ramziy ma’no bor: turmush qurish yoshiga yetgan qiz do‘ppi yoki kashta tikishni bilmasa or, nomus sanalgan.

Bu an’ana ayrim qishloqlarimizda hozirgacha ham saqlab qolingan. Do‘ppilar har bir ayol-u qiz qo‘lida sayqal topgani bois azaldan do‘ppi tikishda nafaqat ma’lum bir andoza takrorlangan, balki uning rangi, bezagi, tusi o‘zgarib borgan. Bu esa do‘ppiga alohida husn bag‘ishlagan - uning kashtalarida rang-barang, betakror naqshlar paydo bo‘lishiga olib kelgan va san’at darajasiga yetgan. Ushbu udumlarimizning ramziy ma’nosini bu yilgi Navro‘z saylida aks ettirishga harakat qildik. Har bir o‘tovni milliy qadriyatlarimizga asoslangan holda do‘ppi shaklida o‘rnatdik, ularda erkaklar do‘ppisi, iroqi do‘ppilarni tasvirladik.

Sayilda tashkilotlar, ta’lim muassasalari, mahalla faollari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ishtirokchilarning e’tiborini tortgan bo‘lsa, musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining kuy va raqslari bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Bir tomonda polvonlar bellashdi, bir tomonda dorbozlar mahoratini namoyish etdi.

Kechasi bilan o‘yin-kulgi ostida pishirilgan sumalak xalqqa ulashildi. Yana bir guruh savobtalab insonlar doshqozonlarda osh damlab, elga tarqatdi.

Poytaxtdan tashrif buyurgan elimiz sevgan san’atkorlar, Botir Qodirov hamda Hulkar Abdullayeva o‘zlarining diltortar kuy-qo‘shiqlari bilan sayilga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Olim Sonniboyev,

Munisa Shamsiyeva.